Litsenziyasiz faoliyat yuritib, fuqarolardan pul undirgan “Umrachi”lar ushlandi

3-sahifa

image

Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida fuqarolarni aldab, Umraga jo‘natish evaziga pul undirgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatining Toshkent tumanida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan shaxs tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan holda, aldov yo‘li bilan poytaxtlik fuqaroning ishonchiga kirib, o‘zining tanishlari orqali uni Saudiya Arabistoniga Umra ziyoratiga yuborish evaziga 1 100 AQSH dollari talab qilgani aniqlangan.

Mazkur shaxs 1 000 AQSH dollari va 1,2 mln so‘m pul mablag‘ini olgan vaqtida DXX, IJQKD va IIV xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, shu kabi noqonuniy holat Farg‘ona viloyatida ham kuzatilgan. Jumladan, DXX va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Dang‘ara tumanida faoliyat yurituvchi turistik firma menejeri 2 nafar uchko‘priklik fuqaroni Umra safariga yuborish evaziga 2 200 AQSH dollari olgan vaqtida uning noqonuniy harakati fosh etilgan.

Bildirilishicha, hozirda har ikki holat bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona va Namangan viloyatlarida Umra safariga noqonuniy jo‘natishni va’da qilib, fuqarolardan pul undirgan sayyohlik firmasi xodimlari qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing