LGBT targ‘ibotchisi Miraziz Bozorov qamaldimi?
Jamiyat
−
01 may 2021
16124Avvalroq, Toshkent shahrida LGBT faoliyati targ‘iboti bilan shug‘ullangan Miraziz Bozorovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edik.
Bu xabar ortidan ijtimoiy tarmoqlarda Miraziz Bozorov shifoxonadan hibsga olingani, u 3 yilgacha qamalishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur ma’lumotlarga aniqlik kiritish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov bilan bog‘landik.
IIV vakiliga ko‘ra, Miraziz Bozorovga nisbatan sud tomonidan “qamoq” emas, “uy qamog‘i” ehtiyot chorasi tanlangan.
Bozorovga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “g” bandi (“G‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish”) bilan jinoyat ishi ochilgan bo‘lib, agarda u aybdor deb topilsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Jinoyat ishi ochilgan modda sanksiyasidan kelib chiqib, aytish mumkinki, Miraziz Bozorovning 3 yilga qamalish ehtimoli haqidagi gaplar noto‘g‘ri.
Avvalroq, Toshkent shahar IIBB joriy yilning 1 aprel kunidan 20 aprelga qadar fuqarolardan 28 ta ariza kelib tushganini ma’lum qilgandi. Unda Miraziz Bozorov internetda joylagan videolarida ushbu fuqarolarni va ularning qarindoshlarini haqorat qilgani, ularni terroristik tashkilotlar bilan hamkorlikda ayblab tuxmat qilgani, milliy an’analarni oyoq osti qilib, ayollarning sha’niga putur yetkazayotgani hamda millatlararo nizo uyg‘otayotgani sababli unga nisbatan qonuniy chora ko‘rish talab qilingan.
Shuningdek, Mirobod tumani 110-son umumta’lim o‘rta maktabi o‘qituvchilaridan jamoaviy ariza kelib tushgan bo‘lib, unda Internet tarmog‘idagi mediamakonlarda mazkur maktab o‘qituvchilarining kasbiy va shaxsiy sifatlari haqida haqoratli ma’lumotlar tarqatgani va shu bilan ularning obro‘sini toptagani uchun Miraziz Bozorovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur arizalar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, tegishli kompleksli ekspertiza tayinlangan. Tergovga qadar tekshiruv natijalariga ko‘ra, Bzorovga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.
O‘zbekistonda besoqolbozlik rasman qonun bilan taqiqlangan. Ushbu jinoyatni sodir etganlar Jinoyat kodeksining 120-moddasi (besoqolbozlik) bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yilgan. Avvalroq O‘zbekistonda besoqolbozligi uchun qamalganlar qanchaligi ochiqlangan edi.
O‘zbekistonda LGBT masalasi Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti rasmiy Toshkentga mamlakat Jinoyat kodeksidan 120-modda – besoqolbozlikni chiqarib tashlash va jinoiy javobgarlikni bekor qilishni so‘rab murojaat bilan chiqishi ortidan kun tartibiga ko‘tarildi.
Shundan so‘ng, bu masala ayni vaqtda keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinyapti. Besoqolbozlik bo‘yicha Human Rights Watch so‘roviga deputat Rasul Kusherboyev va Islom sivilizatsiyasi markazi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Abror Muxtor Aliy, taniqli olim Mubashshir Ahmad ham munosabat bildirdi. Ular besoqolbozlikka oid moddaning jinoyat kodeksidan chiqarib yuborilishi ham siyosiy, ham diniy yo‘qotishlarga sabab bo‘lishini urg‘ulagandi.
Joriy yilning 28 mart kuni Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida mamlakatda besoqolbozlikni qo‘llab-quvvatlayotgan shaxslar va ularning g‘oyalariga qarshi namoyish o‘tkazildi.
Keyinchalik Toshkent shahar IIBB “Skver”dagi namoyishda 12 kishi hibsga olingani haqida xabar berdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda LGBT huquqlarini himoya qilayotgan Miraziz Bozorov o‘lasi qilib do‘pposlandi.
Shundan so‘ng AQSH elchisi Bozorovning do‘pposlanishini surishtirishni so‘radi. Uning ortidan Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Tim Torlot Toshkentda besoqolbozlik – LGBT g‘oyalarini himoya qilib kelayotgan bloger Miraziz Bozorovning kaltaklanganiga munosabat bildirdi.
Xorijlik diplomatlarning munosabatidan keyin Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov xalqaro tashkilotlarga murojaat yo‘llab, har qanday davlatga biror talab qo‘yishdan oldin millatning mentaliteti, dini, madaniyati, urf-odatlarini inobatga olishi kerakligini ta’kidladi.
LiveBarchasi