IIBB Toshkentdagi LGBT namoyishi haqida yangi ma’lumotlar berdi
Jamiyat
−
30 aprel 2021
21697Ijtimoiy tarmoqlarda Amir Temur xiyobonida ro‘y bergan hodisalar bilan bog‘liq jinoyat ishlari doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining xatti-harakatlari haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati holatga munosabat bildirdi va jinoyat ishlari bo‘yicha yangi ma’lumotlarni taqdim etdi.
Joriy yilning 28 mart kuni taxminan soat 15:00 da Yunusobod tumanidagi Amir Temur xiyobonida uch-to‘rt nafar fuqaro yosh yigit va qizni LGBT faollari deb gumonlab, ularga tan jarohatlari yetkazgan. Ularga yana 20-25 nafar shaxslar qo‘shilib, bezorilik harakatlarini davom ettirgan. Dastlab, janjalni boshlagan 12 nafar fuqaro ushlangan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (“Bezorilik, bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilishi”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qayd etilishicha, tergov davomida hodisada bevosita ishtirok etgan shaxslar aniqlanib (31 nafar), ularning har birining harakatiga huquqiy baho berilgan. Ulardan to‘rt nafari jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan. Bular: Toshkent viloyatida 1989 yilda tug‘ilgan F.Q. va 1991 yilda tug‘ilgan M.Y. shuningdek, poytaxtda istiqomat qiluvchi, 1993 yilda tug‘ilgan B.F. hamda 2002 yilda tug‘ilgan R.A. Ayblanuvchilarga nisbatan uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi tayinlangan. Dastlabki tergov tugaganidan so‘ng, jinoyat ishi qonuniy qaror qabul qilinishi uchun sudga taqdim etiladi.
Xabarga ko‘ra, mojaroda ishtirok etgan qolgan 27 nafar shaxslarning xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (“Mayda bezorilik”), 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”), 195-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish”) va 201-moddasida (“Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish”) nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud.
O‘zbekistonda besoqolbozlik rasman qonun bilan taqiqlangan. Ushbu jinoyatni sodir etganlar Jinoyat kodeksining 120-moddasi (besoqolbozlik) bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yilgan. Avvalroq O‘zbekistonda besoqolbozligi uchun qamalganlar qanchaligi ochiqlangan edi.
Avvalroq, Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti rasmiy Toshkentga mamlakat Jinoyat kodeksidan 120-modda – besoqolbozlikni chiqarib tashlash va jinoiy javobgarlikni bekor qilishni so‘rab murojaat bilan chiqqandi.
Shundan so‘ng, bu masala kun tartibiga chiqdi va ayni vaqtda keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinyapti. Besoqolbozlik bo‘yicha Human Rights Watch so‘roviga deputat Rasul Kusherboyev va Islom sivilizatsiyasi markazi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Abror Muxtor Aliy, taniqli olim Mubashshir Ahmad ham munosabat bildirdi. Ular besoqolbozlikka oid moddaning jinoyat kodeksidan chiqarib yuborilishi ham siyosiy, ham diniy yo‘qotishlarga sabab bo‘lishini urg‘ulagandi.
Joriy yilning 28 mart kuni Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida mamlakatda besoqolbozlikni qo‘llab-quvvatlayotgan shaxslar va ularning g‘oyalariga qarshi namoyish o‘tkazildi.
Keyinchalik Toshkent shahar IIBB “Skver”dagi namoyishda 12 kishi hibsga olingani haqida xabar berdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda LGBT huquqlarini himoya qilayotgan Miraziz Bozorov o‘lasi qilib do‘pposlandi.
Shundan so‘ng AQSH elchisi Bozorovning do‘pposlanishini surishtirishni so‘radi. Uning ortidan Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Tim Torlot Toshkentda besoqolbozlik – LGBT g‘oyalarini himoya qilib kelayotgan bloger Miraziz Bozorovning kaltaklanganiga munosabat bildirdi.
Xorijlik diplomatlarning munosabatidan keyin Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov xalqaro tashkilotlarga murojaat yo‘llab, har qanday davlatga biror talab qo‘yishdan oldin millatning mentaliteti, dini, madaniyati, urf-odatlarini inobatga olishi kerakligini ta’kidladi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr