Besoqolbozlar himoyachisi Bozorovni do‘pposlaganlar qidiruvga berildi
Jamiyat
−
30 aprel 2021
11969Joriy yilning 29 mart kuni Toshkent shahrida LGBT huquqlarini himoya qilayotgan Miraziz Bozorov o‘lasi qilib do‘pposlangan edi. Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi ushbu voqea yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etdi.
Toshkent shahar IIBB axborot resurslarida 1991 yilda tug‘ilgan Miraziz Bozorovga tan jarohati yetkazilgani holati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “i” bandi (“Bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud shu guruh manfaatlarini ko‘zlab qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi.
Ma’lum qilinishicha, tergov tomonidan sud-tibbiy ekspertiza xulosasi olingach, jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “k” bandiga (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilishi”) qayta malakalangan.
Ma’lumotga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida tuzilgan tergov-tezkor guruh tomonidan 100 dan ortiq fuqarolar so‘roq qilingan, jinoyatchilar harakatlangan bo‘lishi mumkin deb gumonlangan 41 172 ta avtotransport vositalari o‘rganilmoqda. Mazkur jinoyatga aloqador fuqarolarning shaxslari aniqlanmoqda.
Toshkent shahar IIBB yuqoridagilarni inobatga olib, jabrlanuvchining so‘zidan tuzilgan fotorobot asosida Miraziz Bozorovga tan jarohati yetkazishga aloqador bo‘lgan gumon qilinuvchining shaxsini aniqlashda yordam so‘ragan.
O‘zbekistonda besoqolbozlik rasman qonun bilan taqiqlangan. Ushbu jinoyatni sodir etganlar Jinoyat kodeksining 120-moddasi (besoqolbozlik) bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yilgan. Avvalroq O‘zbekistonda besoqolbozligi uchun qamalganlar qanchaligi ochiqlangan edi.
Avvalroq, Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti rasmiy Toshkentga mamlakat Jinoyat kodeksidan 120-modda – besoqolbozlikni chiqarib tashlash va jinoiy javobgarlikni bekor qilishni so‘rab murojaat bilan chiqqandi.
Shundan so‘ng, bu masala kun tartibiga chiqdi va ayni vaqtda keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinyapti. Besoqolbozlik bo‘yicha Human Rights Watch so‘roviga deputat Rasul Kusherboyev va Islom sivilizatsiyasi markazi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Abror Muxtor Aliy, taniqli olim Mubashshir Ahmad ham munosabat bildirdi. Ular besoqolbozlikka oid moddaning jinoyat kodeksidan chiqarib yuborilishi ham siyosiy, ham diniy yo‘qotishlarga sabab bo‘lishini urg‘ulagandi.
Joriy yilning 28 mart kuni Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida mamlakatda besoqolbozlikni qo‘llab-quvvatlayotgan shaxslar va ularning g‘oyalariga qarshi namoyish o‘tkazildi.
Keyinchalik Toshkent shahar IIBB “Skver”dagi namoyishda 12 kishi hibsga olingani haqida xabar berdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda LGBT huquqlarini himoya qilayotgan Miraziz Bozorov o‘lasi qilib do‘pposlandi.
Shundan so‘ng AQSH elchisi Bozorovning do‘pposlanishini surishtirishni so‘radi. Uning ortidan Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Tim Torlot Toshkentda besoqolbozlik – LGBT g‘oyalarini himoya qilib kelayotgan bloger Miraziz Bozorovning kaltaklanganiga munosabat bildirdi.
Xorijlik diplomatlarning munosabatidan keyin Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov xalqaro tashkilotlarga murojaat yo‘llab, har qanday davlatga biror talab qo‘yishdan oldin millatning mentaliteti, dini, madaniyati, urf-odatlarini inobatga olishi kerakligini ta’kidladi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr