LGBT faoli Miraziz Bozorovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Jamiyat
−
30 aprel 2021
16910Toshkent shahrida LGBT faoliyatining targ‘ibi bilan shug‘ullangan Miraziz Bozorovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 1 aprel kunidan 20 aprelga qadar Toshkent shahar IIBBga fuqarolardan 28 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, unda Miraziz Bozorov internetda joylagan videolarida ushbu fuqarolarni va ularning qarindoshlarini haqorat qilgani, ularni terroristik tashkilotlar bilan hamkorlikda ayblab tuxmat qilgani, milliy an’analarni oyoq osti qilib, ayollarning sha’niga putur yetkazayotgani hamda millatlararo nizo uyg‘otayotgani sababli unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni talab qilgan.
Shuningdek, Mirobod tumani 110-son umumta’lim o‘rta maktabi o‘qituvchilaridan jamoaviy ariza kelib tushgan bo‘lib, unda Internet tarmog‘idagi mediamakonlarda mazkur maktab o‘qituvchilarining kasbiy va shaxsiy sifatlari haqida haqoratli ma’lumotlar tarqatgani va shu bilan ularning obro‘sini toptagani uchun Miraziz Bozorovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur arizalar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, tegishli kompleksli ekspertiza tayinlangan.
O‘zbekistonda besoqolbozlik rasman qonun bilan taqiqlangan. Ushbu jinoyatni sodir etganlar Jinoyat kodeksining 120-moddasi (besoqolbozlik) bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yilgan. Avvalroq O‘zbekistonda besoqolbozligi uchun qamalganlar qanchaligi ochiqlangan edi.
Avvalroq, Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti rasmiy Toshkentga mamlakat Jinoyat kodeksidan 120-modda – besoqolbozlikni chiqarib tashlash va jinoiy javobgarlikni bekor qilishni so‘rab murojaat bilan chiqqandi.
Shundan so‘ng, bu masala kun tartibiga chiqdi va ayni vaqtda keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinyapti. Besoqolbozlik bo‘yicha Human Rights Watch so‘roviga deputat Rasul Kusherboyev va Islom sivilizatsiyasi markazi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Abror Muxtor Aliy, taniqli olim Mubashshir Ahmad ham munosabat bildirdi. Ular besoqolbozlikka oid moddaning jinoyat kodeksidan chiqarib yuborilishi ham siyosiy, ham diniy yo‘qotishlarga sabab bo‘lishini urg‘ulagandi.
Joriy yilning 28 mart kuni Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida mamlakatda besoqolbozlikni qo‘llab-quvvatlayotgan shaxslar va ularning g‘oyalariga qarshi namoyish o‘tkazildi.
Keyinchalik Toshkent shahar IIBB “Skver”dagi namoyishda 12 kishi hibsga olingani haqida xabar berdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda LGBT huquqlarini himoya qilayotgan Miraziz Bozorov o‘lasi qilib do‘pposlandi.
Shundan so‘ng AQSH elchisi Bozorovning do‘pposlanishini surishtirishni so‘radi. Uning ortidan Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Tim Torlot Toshkentda besoqolbozlik – LGBT g‘oyalarini himoya qilib kelayotgan bloger Miraziz Bozorovning kaltaklanganiga munosabat bildirdi.
Xorijlik diplomatlarning munosabatidan keyin Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov xalqaro tashkilotlarga murojaat yo‘llab, har qanday davlatga biror talab qo‘yishdan oldin millatning mentaliteti, dini, madaniyati, urf-odatlarini inobatga olishi kerakligini ta’kidladi.
LiveBarchasi