Lavrov Putinga sherik bo‘ladi
Olam
−
13 avgust 8217 2 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 15 avgust kuni AQSHning Alyaska shtatida bo‘lib o‘tadigan Rossiya va AQSH sammitida qatnashadi. Bu haqda Rossiya TIV Axborot va matbuot departamenti direktor o‘rinbosari Aleksey Fadeyev ma’lum qildi.
“Ha, men Sergey Viktorovich Lavrovning ushbu tadbirda ishtirok etishini tasdiqlay olaman”, deya jurnalistlarning savoliga javob bergan Fadeyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Alyaskadagi sammit nafaqat Ukrainadagi mojaro yechimiga, balki ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishga oid yig‘ilib qolgan masalalarni ham muhokama qilish imkonini beradi.
Qayd etish joiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Alyaskadagi uchrashuvi 15 avgust kuni Elmendorf-Richardson harbiy bazasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittga ko‘ra, Tramp va Putin uchrashuvning kamida bir qismini yolg‘iz o‘zi, faqat tarjimonlar ishtirokida, maslahatchilar ishtirokisiz o‘tkazadi. Trampning o‘zi uchrashuvni “sinov” deb atagan. Rossiya tomoni uchrashuvning asosiy mavzusi sifatida Ukraina bo‘yicha mojaro masalasini ko‘rsatgan.
Ma’lumot uchun, kecha, 12 avgust kuni Sergey Lavrov AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Ular Vladimir Putin va Donald Tramp uchrashuviga tayyorgarlikni muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak Ukraina Rossiya bilan havo hujumlarini to‘xtatish bo‘yicha sulhni muhokama qilishga tayyor ekanini bildirgandi.
Live
Barchasi