Ukraina sulhni muhokama qilishga tayyor – Podolyak
Olam
−
13 avgust 2025 5225 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak Ukraina Rossiya bilan havo hujumlarini to‘xtatish bo‘yicha sulhni muhokama qilishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda u Italiyaning “Corriere della Sera” gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning aytishicha, havodan zarbalar berishdan voz kechish samarali tinchlik muzokaralari uchun asos bo‘lishi mumkin.
“Rossiya strategik aviatsiya va dronlardan ommaviy foydalanishdan voz kechishi ehtimoli kam. Biroq Ukraina bu ssenariyni muhokama qilishga, ko‘rib chiqishga tayyor va buni real muzokara pozitsiyasiga erishish yo‘lidagi boshlang‘ich bosqich sifatida ko‘radi”, degan Ukraina vakili.
Podolyakning qo‘shimcha qilishicha, AQSH raketa va dron hujumlaridan voz kechishni o‘z ichiga olgan to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish rejasini taklif qilgan, biroq Rossiya bu taklifni qabul qilmagan. “The Economist” nashrining manbalariga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv arafasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainada havoda va dengizda cheklangan sulh taklif qilgan. Uchrashuv 15 avgust kuni Alyaskada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Qolaversa, Podolyak kelgusi Putin-Tramp muloqotida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilishi, unda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham ishtirok etishi kerakligini ta’kidlagan.
“Ukraina va Zelenskiysiz ukrain masalalarini qanday hal qilish mumkin?” degan u.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 13 avgust kuni Vladimir Zelenskiy Yevropa yetakchilarining AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan videokonferensiya yig‘ilishida ishtirok etish uchun Berlinga borishi haqida xabar berilgandi. Trampning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Alyaskadagi uchrashuvi oldidan o‘tkazilayotgan suhbat tashabbuskori Germaniya kansleri Fridrix Mers bo‘lgan. Videokonferensiyada Zelenskiy, Tramp va Mersdan tashqari Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha, Finlyandiya va Fransiya Prezidentlari va hukumat rahbarlari, Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen, Yevropa Ittifoqi Kengashi prezidenti Antoniu Koshta, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte va AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens ishtirok etadi.