Lavrov NATO qo‘shinlarining ko‘chirilishidan cho‘chimoqda

Olam

image

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov NATO kuchlarining Uzoq Sharqqa ko‘chirilishini yaqin o‘n yillikdagi eng muhim xavf sifatida baholadi. Bu haqda u bugun, 28 iyul kuni “Territoriya smislov” forumidagi chiqishida gapirdi.

Lavrovga ko‘ra, bu harakatlar mintaqadagi xavfsizlik muvozanatini izdan chiqaradi va Rossiya hamda Xitoyga qarshi qaratilgan.

Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Hind-Tinch okeani strategiyalari aslida Xitoyni jilovlash, Rossiyani izolyatsiya qilish va Janubi-Sharqiy Osiyoda shakllangan ochiq hamkorlik tizimlarini parchalashga qaratilganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO harbiy infratuzilmasi Janubiy Xitoy dengizi, Tayvan bo‘g‘ozi va Koreya yarimoroliga ko‘chirilmoqda.

Rossiya diplomati mintaqada “kvartetlar” va “troykalar” – masalan, AQSH-Yaponiya-Janubiy Koreya ittifoqi kabi koalitsiyalar vujudga kelayotganini aytgan. Bu ittifoq KXDR atrofida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda va Pxenyanga nisbatan yadroviy tahdid vositalarini ishlab chiqmoqda. Yana bir misol sifatida u AUKUS alyansini – Avstraliya, Buyuk Britaniya va AQSH ittifoqini keltirgan. Bu ittifoqning maqsadi Avstraliya uchun yadro suvosti kemalarini qurishdir.

Lavrov NATO Yaponiya hududida alohida vakolatxona ochishni rejalashtirayotganini ham tanqid qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Politico” nashri NATOdagi manbaga tayanib, Vashington Yevropada joylashgan AQSH harbiylarining 30 foizini qayta joylashtirishga qaror qilishi mumkinligi haqida yozgandi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Xitoy Sergey Lavrov KXDR

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing