Latviya IIV o‘zbekistonliklarga viza berishni to‘xtatishni taklif qildi

Jamiyat

−

image

Latviya Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni vaqtincha to‘xtatishni taklif etdi. Bu haqda joriy yilning 29 sentyabr kuni hukumat yig‘ilishida so‘z ochilgan.

Idora ushbu tashabbusni O‘zbekiston fuqarolari Latviyaga borganidan so‘ng sodir etgani aytilayotgan bir nechta jinoyatlar, jumladan, voyaga yetmaganlarga qarshi jinoiy harakatlar bilan bog‘lagan.

“Biz chora ko‘rishga majburmiz. Shu sababli O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni muayyan muddatga to‘xtatishni va bu vaqtdan O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlik qilish uchun foydalanishni taklif qilamiz”, deydi Latviya Ichki ishlar vaziri Yanis Dombrava.

IIV rejasiga ko‘ra, ehtimoliy cheklov davridan O‘zbekiston tomoni bilan ma’lumot almashishni yo‘lga qo‘yish va Latviyaga tashrif buyurish niyatida bo‘lgan fuqarolarni tekshirishni kuchaytirish uchun foydalanish ko‘zda tutilgan. 

Shu bilan birga, O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni to‘xtatish haqidagi taklif hozircha Vazirlar Mahkamasi muhokamasiga olib chiqilgani yo‘q. Xabarda aytilishicha, koalitsion hamkorlar ushbu masalani hukumat majlisi kun tartibiga kiritishni qo‘llab-quvvatlamagan.

IIV ushbu tashabbusni Vazirlar Mahkamasining keyingi majlislaridan birida muhokama qilishga umid qilmoqda.

Qayd etish joiz, ushbu taklif Latviya hukumatining migratsiya nazoratini kuchaytirish bo‘yicha kengroq siyosati fonida ko‘rib chiqilmoqda. Sentyabr oyida Vazirlar Mahkamasi IIVning 70 dan ortiq chora-tadbirlarni, jumladan, uchinchi davlatlar fuqarolari uchun kvotalar hamda mehnat va o‘qish migratsiyasi ustidan nazoratni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi rejasini ma’qullagan.      

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Litva Migratsiya departamenti rahbari Indre Gaspere so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Litvaga borayotgan mehnatkashlar soni ortgani sababli ayni paytda ularning ishlash bo‘yicha arizalari qabul qilinmayotganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing