Kubada blekaut: mamlakat beshinchi bor zulmatda qoldi

Olam

image

Kubaning milliy energetika tizimi yana to‘liq ishdan chiqdi. Bu haqda mamlakatning davlat elektr energetikasi kompaniyasi X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

Kompaniyaning yozishicha, kecha, 2 avgust kuni soat 22:43 da mamlakat milliy elektr energetikasi tizimi to‘liq o‘chib qolgan.

Kuba Energetika vazirligi elektr tarmog‘ini qayta ishga tushirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda mamlakatda kuzatilayotgan elektr uzilishlari suv ta’minoti va sovutish tizimlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatib, aholi hayotini sezilarli darajada qiyinlashtirgan.

Ma’lum qilinishicha, Kuba 2024 yil oxiridan buyon muntazam ravishda yirik elektr uzilishlari bilan to‘qnash kelmoqda. Mamlakat hukumati energetika inqirozini yoqilg‘i tanqisligi, infratuzilmaning eskirgani hamda AQSH sanksiyalari oqibatlari bilan izohlamoqda.

Qayd etilishicha, Kuba elektr energiyasining asosiy qismini eskirgan mazutda ishlovchi issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqaradi. Mamlakat ilgari asosiy yoqilg‘i yetkazib beruvchi bo‘lgan Venesueladan neft olish imkoniyatidan AQSH tomonidan joriy etilgan neft blokadasi ortidan mahrum bo‘lgan.

Shu bilan birga, keyinchalik Kubaning asosiy neft yetkazib beruvchisiga aylangan Meksikadan import ham AQSH bosimi sabab to‘xtatilgan. Mart oyida Rossiyadan AQSH ruxsati bilan yuborilgan bitta tanker olib kelgan yoqilg‘i zaxiralari esa allaqachon tugagan.

Bundan tashqari, Kuba o‘nlab yillardan buyon AQSHning keng qamrovli iqtisodiy cheklovlari ostida qolmoqda. Prezident Donald Tramp ma’muriyati Kuba davlat korxonalariga nisbatan sanksiyalarni yanada kuchaytirgan. Oqibatda qator xorijiy kompaniyalar mamlakatdagi faoliyatini to‘xtatgan.

Eslatib o‘tamiz, Kubada joriy yil davomida 4 marta to‘liq blekaut sodir bo‘lgan. Xususan, joriy yilning 17 mart kuni Kubada taxminan 10 million kishi elektrsiz qolgan. Shuningdek, 21 mart kuni Kubada elektr energiyasi butunlay o‘chib qolgan. Bundan tashqari, 6 iyul kuni Kubada butun mamlakat bo‘ylab elektr energiyasi uzilib, oqibatda qariyb 10 million aholi elektr ta’minotidan uzilgan. Shu bilan birga, 10 iyul kuni to‘rtinchi bor butun mamlakat bo‘ylab elektr energiyasi butunlay o‘chib qolgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing