Kuba AQSH bilan kelishuvi doirasida 553 mahbusni ozod qiladi

Olam

image

Kuba hukumati 553 mahbusni qamoqdan ozod qilganini e’lon qildi. Bu haqda kecha, 14 yanvar kuni Oq uy xabar berdi.

AQSH Prezidenti Jo Bayden Kubani terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarish haqidagi hujjatni imzolagan. Bayden tomonidan imzolangan bayonotda, jumladan, Kuba hukumati “oxirgi olti oy ichida xalqaro terrorizmni qo‘llab-quvvatlamagani” va Vashingtonga “kelajakda xalqaro terrorizmni qo‘llab-quvvatlamasligiga kafolat bergani” qayd etilgan. Vatikan ham Kuba hukumatining 553 mahbusni ozod qilish qaroriga hissa qo‘shgan.

Kuba Kommunistik hukumati Baydenning qarorini “to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadam” sifatida olqishladi, biroq, AFP News'ning yozishicha, mamlakat 1962 yildan beri amalda bo‘lgan AQSH sanksiyalari ostida qolayotganidan afsusda. Agentlik ta’kidlaganidek, Kuba oziq-ovqat, dori-darmon, elektr energiyasi va yoqilg‘i taqchilligi bilan ifodalangan so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yomon iqtisodiy inqirozda Qo‘shma Shtatlarni ayblamoqda.

Mamlakat Prezidenti Migel Dias-Kanel AQSH sanksiyalarini “genotsid” deb atadi va uning mamlakati AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning bo‘lajak inauguratsiyasidan so‘ng “qiyinroq vaziyatlarga” tayyor ekanini aytdi, uning ma’muriyati 2021 yilda Kubani terrorizmga homiylik qiladigan davlatlar ro‘yxatiga kiritgandi.

2021 yilning iyul oyida minglab kubaliklar elektr ta’minotidagi uzilishlar va oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi tufayli norozilik namoyishi o‘tkazdi, bu “so‘nggi yillarda hukumat uchun eng katta muammo” bo‘lgandi.

“Justicia 11J” inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, bu namoyishlardan keyin 1500 dan ortiq odam hibsga olingan, ulardan 600 nafari 2024 yilning dekabriga qadar qamoqda edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH hukumati Guantanamodagi AQSH harbiy-dengiz kuchlari bazasida saqlanayotgan 11 mahbusni ko‘chirgani haqida xabar berilgandi. AQSHning milliy xavfsizlik manfaatlarini ko‘zlab, ular qo‘shni Yamanga, Ummonga olib ketilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Kuba Jo Bayden AQSh Prezidenti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing