“Krokus” teraktida ayblangan 4 tojikistonlikning hibsda qolish muddati yana uzaytirildi (video)
Olam
−
20 noyabr
9709Moskvaning Basmanniy tuman sudi “Krokus Siti Holl” konsert zalida terakt sodir etishda ayblangan to‘rt nafar shaxsni hibsda saqlash muddatini uzaytirdi. Bu haqda Moskva umumiy yurisdiksiya sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
Sud tergov organlarining iltimosnomasini qanoatlantirgan va Murodali Rachabalizod, Muhammadsobir Fayzov, Fariduni Shamsiddin, Dalerjon Mirzoyevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini 3 oyga, jami 10 oy 28 sutkaga uzaytirgan.
Sudlanuvchilarning to‘rt nafari ham 2025 yilning 22 fevraliga qadar hibsda bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zaliga hujum joriy yilning 22 mart kuni taxminan soat 20:00 da sodir bo‘ldi. To‘rt nafar qurolli shaxs konsertga kelgan odamlarga qarata o‘q uzgan, auditoriyaga o‘t qo‘ygan, so‘ng binoni tark etib, mashinada qochib ketgan. Oqibatda 145 kishi halok bo‘ldi, 500 dan ortiq kishi yaralandi. 1,7 mingdan ortiq kishi jabrlanuvchi sifatida tan olingan, 800 dan ortiq kishi guvoh sifatida so‘roq qilingan.
1 noyabr kuni ushbu teraktda gumon qilingan yana 4 nafar shaxs aniqlandi. Ularning barchasi mamlakat tarkibidagi Ingushetiya Respublikasi fuqarolari. Ulardan ikki nafari hibsga olingan, yana ikki nafari qidiruvga berilgan. Gumonlanuvchilar – Husayn Medov, Jabroil Aushev va Xavaj-Bagaudin Aliyev Nazran tumanining Surxaxi qishlog‘ida tug‘ilgan va shu qishloqda ro‘yxatda turadi. Qolgan bir nafar gumonlanuvchi – Botir Kulayev esa Ekajevo qishlog‘idan ekani qayd etilgan. Medov (astma kasali bor, 2-guruh nogironi) va Aushev ushlanib, Moskvaga olib ketilgan. Ular teraktda ishtirok etganini rad etgan, biroq qurol va o‘q-dorilarning noqonuniy savdosiga aloqadorligini tan olgan. Aliyev va Kulayev qidiruvga berilgan.
Ushbu hujum zamonaviy Rossiya tarixidagi eng yirik teraktlardan biriga aylandi, ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘limi bo‘lgan “Viloyat Xuroson” guruhi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.
Huquq-tartibot idoralari teraktni sodir etish va uyushtirishda yordam berishda gumon qilingan 18 nafar shaxsni qo‘lga oldi, ularning aksariyati Tojikiston fuqarolari.
“Kommersant”ning ma’lum qilishicha, konsert zalining ikki xodimi ham Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 238-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish) 3-qismi bo‘yicha jinoiy ish bo‘yicha ayblanuvchiga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, 16 avgust kuni Moskvaning Basmanniy sudi “Krokus Siti Holl”da terakt sodir etishda ayblangan to‘rt nafar Tojikiston fuqarosini hibsda saqlash muddatini uzaytirgandi. Sud yopiq eshiklar ortida o‘tgandi. Tergov organlarining iltimosiga binoan Muhammadsobir Fayzov, Dalerjon Mirzoyev, Murodali Rachabalizod va Fariduni Shamsiddinni hibsda saqlash muddati 2024 yil 22 noyabrga qadar uzaytirilgandi.