“Krokus Siti Holl”dagi terakt yuzasidan tergov yakunlandi
Olam
−
06 fevral
12324Rossiyaning Krasnogorsk shahridagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida sodir etilgan terakt yuzasidan tergov yakunlandi. Bu haqda ayblanuvchilardan birining advokati Oleg Vlasovga tayanib, TASS xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tergov ishi to‘liq yakunlangan va tomonlar materiallar bilan tanishishini boshlab yuborgan.
“Ish bo‘yicha tergov harakatlari yakunlandi, tomonlar uning materiallari bilan tanishishni boshladi. Qonunga ko‘ra, jabrlanuvchilar birinchi bo‘lib buni qilishadi va ularning soni mingga yaqin. Shunday ekan, ish tezda ko‘rib chiqish uchun sudga o‘tkazilishi dargumon“, degan advokat.
Advokat tomonidan boshqa ma’lumotlar taqdim etilmagan.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 22 mart kuni kechqurun Moskva yaqinidagi Krasnogorsk shahrida joylashgan “Krokus Siti Holl” konsert zalida konsert oldidan terakt sodir bo‘ldi. Moskva vaqti bilan soat 20:00 atrofida qurollangan terrorchilar konsert zaliga hujum qilib, odamlarga qarata o‘t ochgan. Binoda boshlangan yong‘in 13 ming kvadrat metrdan ortiq maydonni qamrab olgan. Yong‘in faqat ertasi kuni kechqurun o‘chirildi.
Terakt va yong‘in oqibatida 140 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, 550 dan ortiq kishi jarohatlandi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, terrorchilar “Krokus Siti Holl”ga soat 18:54 da yetib kelgan va mehmonlarni kutishni boshlagan. Soat 19:58 da ular ko‘chadagilarga qarata o‘t ochishgan, keyin esa zal va auditoriyada otishmani davom ettirgan. Shundan so‘ng hujumchilar zalni benzin bilan yoqib, soat 20:11 da binoni tark etishgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin “Krokus Siti Holl” konsert zalida sodir etilgan terakt ishi bo‘yicha 27 kishi jinoiy javobgarlikka tortilganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi