“Krokus” qurbonlari uchun 100 million rubl ajratildi

Olam

image

“Krokus Siti Holl” rahbari Aras Agalarov va o‘g‘li Emin 22 martdagi terakt qurbonlarining oila a’zolariga 100 million rubl yubordi. Bu haqda “Crocus group” kompaniyasining axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, “Crocus Group” kompaniyasi va Muslim Magomayev fondi "Krokus Siti Holl" dagi dahshatli terakt qurbonlariga yordam berishni davom ettiradi va  jami 100 million rubl miqdoridagi birinchi xayriyalar qurbonlarning oila a’zolariga yetib borgan.

Mablag‘lar ushbu fojiadan jabr ko‘rgan dam oluvchilar va xodimlarning oila a’zolarini manzilli qo‘llab-quvvatlash, ularning sog‘lig‘ini tiklash, davolash va boshqa ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltiriladi.

Muslim Magomayev nomidagi jamg‘arma halok bo‘lganlarning oilalariga zudlik bilan va uzoq muddatli yordam ko‘rsatish uchun mablag‘ yig‘ish jarayonini boshlab yuborgan. Kompaniyaning ko‘plab hamkorlari, do‘stlari va konsert zalida chiqish qilgan san’atkorlar o‘zlarining moliyaviy hissalarini qo‘shish istagini bildirgan.

Tez orada qolgan barcha murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun qo‘ng‘iroq markazi ish boshlashi ma’lum qilingan. Barcha sarflangan mablag‘lar bo‘yicha hisobotlar fondning veb-saytida e’lon qilinishi bildirilgan.

Ma’lumot uchun, Madaniy-musiqiy meros jamg‘armasi Agalarovlar oilasining yaqin do‘sti, buyuk san’atkor Muslim Magomayev xotirasini abadiylashtirish maqsadida 2010 yilda tashkil etilgan. Jamg‘arma madaniyat sohasidagi faoliyatdan tashqari xayriya loyihalari va tadbirlarini tashkil etib, muhtoj shaxslar va tashkilotlarga manzilli moddiy yordam ko‘rsatadi.

"Krokus Siti Holl" konsert zali ham Muslim Magomayev nomi bilan atalgan. Xuddi shu nomdagi fond ayni damda dahshatli fojia qurbonlari va jabrlanganlarning oilalariga yordam berish uchun faoliyat olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq terakt qurbonlari xotirasi uchun yodgorlik o‘rnatilishi aytilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

qurbonlar yordam Krokus Siti Holl

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing