Terrorchilarga yordam berishda gumonlangan o‘zbekistonlik Gruziyada ushlandi
Olam
−
18:24 1407 1 daqiqa
Gruziya Ichki ishlar vazirligi Markaziy kriminal politsiya departamenti va Gruziya Bosh prokuraturasi xodimlari AQSH Federal qidiruv byurosi bilan hamkorlikda xalqaro qidiruvda bo‘lgan AQSH va O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldi. Bu haqda Gruziya Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, qo‘lga olingan shaxs AQSH huquq-tartibot idoralari tomonidan xorijiy terrorchilik tashkilotiga moddiy yordam ko‘rsatish maqsadida til biriktirish, moddiy yordam ko‘rsatish va bunga urinishda ayblanib, qidiruvda bo‘lgan.
Gruziya huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi Tbilisi xalqaro aeroportida boshqa davlatdan Gruziyaga uchib kelgan vaqtida qo‘lga olingan.
AQSH huquq-tartibot idoralari xabariga ko‘ra, qidiruvdagi shaxs AQSH hududida xorijiy terrorchilik tashkilotini qo‘llab-quvvatlash maqsadida guruh tuzgan. Shuningdek, u moliyaviy yordam tarmog‘ini tashkil etib, unga rahbarlik qilgan. Mazkur guruh rahbari va a’zolari Suriyadagi terrorchilik tashkilotlariga faol moddiy-texnik va moliyaviy yordam ko‘rsatgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarosi turli odamlarni Suriyaga jang qilish uchun borishga undagan va buning uchun ularga yordam taklif qilgan. Hozirda qo‘lga olingan shaxsni AQSHga ekstraditsiya qilish bo‘yicha qonunda belgilangan tartib-taomillar amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning O‘sh shahrida xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan edi.
Live
Barchasi