Xalqaro qidiruvdagi o‘zbekistonliklar O‘shda ushlandi
3-sahifa
−
13:00 1186 1 daqiqa
Qirg‘izistonning O‘sh shahrida xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda shahar Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro joriy yilning 6 avgust kuni Masaliyev ko‘chasidagi xonadonda qo‘lga olingan. U Andijon viloyatida istiqomat qilgan va ilgari bir necha bor sudlangan. Mazkur shaxs 2025 yil 31 dekabrdan buyon xalqaro qidiruvda bo‘lgan. O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari uni fuqarolar hamda huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarda gumon qilib, qidirgan.
1985 yilda tug‘ilgan fuqaro esa joriy yilning 7 avgust kuni Avitsenna ko‘chasida qo‘lga olingan. U ham Andijon viloyatida istiqomat qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur shaxs qotillikda gumon qilinib, Toshkent shahrida qidiruvda bo‘lgan.
Qo‘lga olingan har ikki fuqaro O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasining vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. Hozirda ularni O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlariga topshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning Botken viloyati Qadamjoy tumanida firibgarlikda gumonlanib 2023 yildan beri qidiruvda bo‘lgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi