Kriminal avtoritet “Kolya Qirg‘iz”ga aloqador shaxs qo‘lga olindi

Olam

image

Qirg‘izistonlik kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (Qamchibek Asanbek) ning uyushgan jinoiy guruhiga homiylik qilgan va ko‘plab qizlarni zo‘rlagan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabar berdi.

Aniqlanishicha, fuqaro K.N. 2013 yildan buyon Ko‘lboyevning uyushgan jinoiy guruhi vakillari bilan aloqada bo‘lib, “o‘g‘rilar umumiy fondi”ni tizimli ravishda to‘ldirish va jinoyat olamida “Doo” laqabli Chingiz Jumagulov bilan shaxsiy munosabatlarni saqlab turish orqali uning faoliyatini moliyalashtirib kelgan.

“K.N. uyushgan jinoiy guruh rahbarlarining ko‘magida fuqarolarga har tomonlama bosim o‘tkazgan, jumladan, o‘zi zo‘rlagan va shantaj qilgan qizlarga nisbatan turli bosim o‘tkazgan. Zo‘rlash va uyushgan jinoiy guruhlarni moliyalashtirish faktlari jabrlanuvchilarning so‘zlari bilan tasdiqlandi”, deyiladi xabarda.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining qo‘shimcha qilishicha, tezkor ma’lumotlarni hujjatlashtirish va ushbu jinoyatlarga aloqador shaxslarni javobgarlikka tortish maqsadida tergov va tezkor-qidiruv ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, Qamchibek Asanbek Qirg‘iziston va MDHdagi eng nufuzli “vorzakon”lardan biri bo‘lgan. Taxallusi – “Kolya Qirg‘iz”. U narkotik biznesi, qurol-yarog‘ savdosi, tovlamachilik, qora ko‘chmas mulk, talonchilik, avtomashina o‘g‘irlash, banditizm, pul yuvish, davlat mulkini o‘g‘irlash va buyurtma asosida qotillik qilish bilan shug‘ullangan. U Qirg‘izistondagi millionerlardan biri edi.

2020 yildan beri Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi kriminal avtoritetni bir necha bor hibsga olgan. 2023 yilning avgustida Qamchibek Ko‘lboyevga nisbatan jinoyat ishi da’vo muddati o‘tgani sababli tugatilgan. Kriminal avtoritet Qamchibek Asanbek Qozog‘istonda transmilliy jinoiy tashkilot tuzishda gumon qilingan. U 2023 yilning oktyabr oyida Bishkekda o‘ldirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida ijtimoiy tarmoqlar orqali ekstremistik materiallarni tayyorlash va tarqatishda gumonlanib, 28 yoshli O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Qamchibek Ko'lboev Kolya Qirg'iz Chingiz Jumagulov Kriminal avtoritet

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing