Kreml Yevropa taklif qilgan tinchlik rejasini rad etdi

Olam

image

Kreml uchun urushni tugatish bo‘yicha asosan maqbul bo‘lgan yagona variant – AQSHning dastlabki tinchlik rejasi. Yevropaning takliflari samarasiz va Kreml manfaatlariga mos kelmaydi. Bu haqda Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov kecha, 24 noyabr kuni jurnalistlarga bergan intervyusida so‘z ochdi.

U Yevropa takliflari deganda, AQSH va Ukraina delegatsiyalari Jenevada muhokama qilgan o‘sha hujjat nazarda tutilganmi yoki yo‘q aniq aytmagan. Hozircha tinchlik rejasining hech bir varianti rasmiy ravishda e’lon qilinmagan. Turli bandlar faqat bir nechta OAV tomonidan tarqatilgan.

Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi atrofida ko‘p mish-mishlar bor va Rossiya faqat AQSHdan bevosita olingan ma’lumotlarga ishonadi. Uning aytishicha, Moskva AQSHning bir versiyasi bilan tanish, ammo bu borada aniq muzokaralar bo‘lmagan. U Alyaskada muhokama qilingan AQSH takliflarining ko‘p bandlari Rossiya uchun maqbul ekanini qo‘shimcha qilgan. Ushakov AQSH yaqin vaqt ichida Moskva bilan rejani yuzma-yuz muhokama qilishga chiqishini kutayotganini aytdi, lekin aniq kelishuvlar hali yo‘q. Ukraina va Yevropa muzokara tomonlari sifatida tilga olinmagan. 

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning aytishicha, yangilangan reja yana Rossiyaga taqdim etilishi kerak. Shuningdek, u AQSH Prezidenti Donald Tramp va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning joriy haftada uchrashuvi rejalashtirilmaganini bildirgan. Tramp avvalroq tinchlik bitimini imzolash uchun 27 noyabrni oxirgi muddat sifatida ko‘rsatgan edi. 

24 noyabr tongida Ukraina va AQSH rasmiylari Jenevadagi “samarali muzokaralar” natijasida yangilangan “tinchlikka erishish bo‘yicha asosiy hujjat” ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Qo‘shma bayonotda muzokaralar samarali bo‘lgani ta’kidlangan.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Donald Tramp ma’muriyatining qayta ishlangan tinchlik rejasi amalga oshish imkoniyati yuqori ekanini aytgandi. U Jenevada Ukraina delegatsiyasi va Yevropa ittifoqchilari bilan maslahatlashuvlardan so‘ng, yaratilgan hujjat endi kelgusi ishlar uchun asos bo‘lib xizmat qilishini bildirgan.

Tramp 24 noyabr kuni o‘zining Truth Social platformasida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi “tinchlik muzokaralarida ijobiy siljish bo‘lishi mumkin” deb yozdi.

OAV ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa davlatlari AQSHning Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasiga kiritmoqchi bo‘lgan o‘zgarishlar bir qancha asosiy bandlarni Kiyev foydasiga sezilarli darajada yumshatadi.

“Financial Times” va “The Washington Post” nashrlarining yozishicha, Tramp ma’muriyati taklif qilgan dastlabki 28 bandlik reja 19 bandga qisqartirilgan. O‘zgarishlar Jenevadagi muzokaralardan keyin kiritilgan.

Nashrlar qaysi bandlar olib tashlanganini aniq aytmagan. “The Washington Post” manbalariga ko‘ra, bandlarning aniq soni hali kelishilmagan. Biroq rejaning asosi hanuz AQSHning dastlabki taklifi bo‘lib qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Kreml' Yuriy Ushakov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing