Kreml Prigojinning samolyoti halokatiga aloqador emas – Peskov
Olam
−
25 avgust 2023
5130Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Vagner” asoschisi Yevgeniy Prigojinning samolyotining halokatiga Kremlning aloqadorligi haqidagi ayblovlarni “mutlaqo yolg‘on” deb atadi. Bu haqda u bugun, 25 avgust kuni Rossiya OAVlariga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Hozirda ushbu aviahalokat va samolyot yo‘lovchilarining, jumladan Yevgeniy Prigojinning fojiali o‘limi atrofida ko‘plab taxminlar bor. Albatta, G‘arbda bu taxminlarning barchasi ma’lum bir burchakdan taqdim etiladi. Bularning barchasi mutlaqo yolg‘on. Bu masalani yoritishda faqat faktlarga asoslanish kerak”, degan Peskov.
Kreml matbuot kotibining ta’kidlashicha, Prigojinning o‘limini tasdiqlovchi ekspertiza natijalari hozircha yo‘q.
“Agar siz kecha Rossiya Prezidenti [Vladimir Putin]ning bayonotini diqqat bilan eshitgan bo‘lsangiz, u hozirda barcha kerakli tekshiruvlar, jumladan, genetik tekshiruvlar o‘tkazilishini aytdi. Rasmiy natijalar [hozircha] yo‘q. Ular nashrga tayyor bo‘lishi bilanoq chop etiladi”, deya qo‘shimcha qilgan Peskov.
Unga ko‘ra, Rossiya Prezidenti yaqinda Kremlda Prigojin bilan hech qanday uchrashuv o‘tkazmagan. Shu bilan birga, Kreml matbuot kotibi Prigojinning dafn marosimida Putinning ishtiroki haqida gapirishga erta ekanini bildirgan.
“Bu hali ma’lum emas. Gap shundaki, biz tergov bilan bog‘liq zaruriy tekshiruvlar va harakatlar qancha davom etishini hali bilmaymiz. Shuning uchun, dafn marosimi uchun sanalar aniq bo‘lmagan bir paytda, bu haqda gapirish umuman mumkin emas. Prezidentning juda band ish jadvali bor”, deydi Kreml voizi.
Shu bilan birga, Peskov “Vagner”ning kelajakdagi taqdiri haqida izoh berishdan bosh tortgan.
“Unutmaylikki, bunday tuzilma yo‘q, de-yure “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi yo‘q. Haqiqatan ham, Prezident bir necha bor ta’kidlaganidek, “maxsus harbiy operatsiya” ishiga katta hissa qo‘shgan “Vagner” guruhi mavjud. Va bu odamlarning qahramonligi hech qachon unutilmaydi, Prezident shu haqda gapirdi. Ammo kelajakka kelsak, men hozir sizga hech narsa ayta olmayman, bilmayman“, degan Kreml matbuot kotibi.
Eslatib o‘tamiz, 23 avgust kuni Rossiyaning Tver viloyatida halokatga uchragan samolyot bortida “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin va uning hammuassisi Dmitriy Utkin bo‘lgani, bortdagi barcha 10 yo‘lovchi halok bo‘lgani aytilgandi. Kecha, 24 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin samolyot halokatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan va Prigojinni iste’dodli tadbirkor, biroq taqdiri og‘ir inson bo‘lgani va hayotida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yganini qayd etgandi. G‘arb davlatlari yetakchilari va rasmiylari esa mazkur halokat ortida Putin turganini istisno qilmasligini bildiryapti. Masalan, Yevrokomissiya “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojinning o‘limi haqidagi ma’lumotlarning ishonchliligiga shubha qilayotgan bo‘lsa, Polsha Bosh vaziri Mateush Moraveskiy endilikda “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi ustidan nazorat to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putinga o‘tishini taxmin qilmoqda.