Koronavirus O‘zbekistondan qachon daf bo‘ladi? So‘z Alisher Shodmonovga
Intervyu
−
06 iyul 2020
77182Butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham koronavirus bilan bog‘liq jarayon keskin tus olmoqda. Respublika maxsus komissiyasi karantin cheklovlarini yumshatishi ortidan kasallik statistikasi yuqorilamoqda. O‘zbekistonda ushbu holat qachongacha davom etadi? Mamlakat virusdan qachon butkul xalos bo‘ladi. Ushbu savolga javob olish maqsadida QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga mikrofon tutdi.
“Buni shu kungacha ko‘plab olimlar bashorat qilishga harakat qildi. Lekin birortasining taxmini to‘g‘ri chiqqani yo‘q. Shuning uchun men ham bashorat qilmayman. Aytish juda qiyin”, deydi vazir Alisher Shodmonov.
O‘zbekistonda koronavirusdan saqlanishning muhim vositasi tibbiy niqob taqish, ozodalikka rioya qilish va ijtimoiy masofa saqlash ekani aytib kelinmoqda. Alisher Shodmonov ham kasallikning to‘xtashi odamlarga bog‘liqligini ta’kidladi.
“Hammasi siz-u bizga, xalqimizga bog‘liq. Aniq qoidalar bor. Ularga rioya etilsa, itoat qilinsa, biz bu kasallik ustidan g‘olib chiqa olamiz. Shundagina kasallikdan 2-3 oyda qutilib ketishimiz mumkin. Aks holda bu virus uzoq yillar davomida organizmimizda saqlanib qolishi mumkin”, deydi Shodmonov.
Bundan bir necha kun avval QALAMPIR.UZ O‘zbekistonda koronavirusga chalinish “pik”ka chiqdimi, degan savol bilan Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti direktori, professor Erkin Musaboyevga yuzlangan edi. Xuddi shu savol bilan Alisher Shodmonovga ham murojaat qildik.
“Yo‘q, hali “pik” holatga chiqqanimiz yo‘q. Biz o‘sishda davom etyapmiz”, deydi Sog‘liqni saqlash vaziri.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 10284 nafarni tashkil etmoqda. Bemorlarning 6584 nafari sog‘aydi, 36 kishi vafot etdi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qilishga mo‘ljallangan 2 ming kishilik yangi shifoxona qurildi. Bugun, 6 iyul kuni shifoxonaning 1000 o‘ringa mo‘ljallangan birinchi binosi foydalanishga topshiriladi.
LiveBarchasi
Asad hokimiyati ag‘darildi.
08 dekabr