Koronavirus mutlaq yo‘q bo‘lib ketmaydi, biroq “o‘zimizniki” bo‘lib qoladi – Nurmat Otabekov

Jamiyat

image

Koronavirus yer yuzidan butunlay yo‘q bo‘lib ketmaydi, lekin vaksina topilguncha kasallik yengib bo‘linadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov O‘zA bilan suhbatda aytib o‘tdi.

“Xalqimizda “karantin tugagach nima qilamiz, hayot tarzimiz avvalgidek xotirjam davom etadimi”, singari savollar tug‘ilyapti. Kasallik sizningcha, yer yuzidan umuman yo‘q bo‘lib ketadimi? Vaksina topilguniga qadar, xususan kelgusi bir-ikki yillikda bizni nimalar kutyapti, karantin tugagach yurtimizda epidemiologik vaziyat qanday bo‘ladi?”, deya savol bergan jurnalist.

“Birinchidan karantin tugagach ham hayot davom etadi. Yana jo‘shqin hayot: oila-a’zolarining rizqini terish uchun yugurib-yelishlar, farzandlar, nabira qiliqlarini ko‘rish istagi, to‘y-tomoshalar, cheklovlar sabab bir muddat o‘tkazilmay qolgan tadbirlar o‘tkaziladi hamda iziga tushib olguncha dastlab tez, keyin bir maromda sokinlik bilan davom etadi. 

Koronavirus yer yuzidan mutlaq yo‘q bo‘lib ketmaydi, biroq “o‘zimizniki” bo‘lib qoladi. Nazarimda vaksina ishlab chiqilgunga qadar biz uni yengib bo‘lamiz. Balkim, umuman vaksinani ishlatishga ehtiyoj qolmas, yana bilmadim. “O‘zimizniki” deganim – bu gripp, paragripp, o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (renovirus, reovirus va b.q.) singari koronavirus odamlarda uchrab turadigan yana bir respirator kasallikga aylanadi. Nega bunday deyapman? Negaki, virus o‘ta injiq emas, 90 foizga yaqin holatlarda kasallik yengil va simptomsiz (klinik belgilarsiz) kechadi, faqat 5-6 foiz holatlarda og‘ir kechishi mumkin (gripp va o‘tkir respirator kasalliklarida ham shunday). 

Agar davolash erta boshlansa samara o‘ta yuqori bo‘lishi mumkin, eng asosiysi, oddiy gigiyena qoidalariga rioya etish orqali kasallik yuqishidan to‘liq himoyalanish mumkin”, deya javob berdi Nurmat Otabekov.

Avvalroq, rossiyalik virusologlar ham koronavirus "abadiyga" kelganini va inson organizmida unga qarshi ma’lum immunitet xosil bo‘lishini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha 1836 kishida koronavirus aniqlandi. Bugungacha bemorlarning 621 nafari sog‘aygan va 8 nafari vafot etgan.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang,  #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

412

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing