Koronavirus qo‘rqinchi. Tojikistonda barcha masjidlar yopiladi

Olam

image

Tojikiston Islom markazi ulamolar kengashi idorasi respublika fuqarolari va imomlarni koronavirus xavfi sababli masjidlarga borishdan tiyilishga chaqirdi. Murojaat matni “Xovar” saytida e’lon qilingan.

Tojikistonning barcha masjidlari, shu jumladan, juma va besh vaqt namoz o‘qiladigan jomelar ham vaqtincha yopiladi. Ta’kidlanishicha, janoza namozlari bundan mustasno.

Shu munosabat bilan Tojikiston ulamolari odamlarga o‘zlarining sog‘lig‘iga ko‘proq e’tibor berishni, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishni va ko‘pchilik odamlar tashrif buyuradigan joy va tadbirlarga tashrif buyurmaslikni tavsiya qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikistonda koronavirusning oldini olish va tarqalishi uchun zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Mamlakat bosh vazirining o‘rinbosari boshchiligida respublika shtab-kvartirasi va barcha vazirlik va idoralarning idoralararo shtablari tashkil etilgan.

Tojikiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan.

Avvalroq, 4 martdan e’tiboran Tojikiston poytaxti Dushanbedagi masjidlar namozxonlar uchun yopilayotgani ma’lum qilingan edi.

Mamlakat dunyoda COVID-19 koronavirusi tobora keng tarqalayotgan bir vaqtda 35 ta davlat - Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Vetnam, Singapur, Avstraliya, Malayziya, Kamboja, Filippin, Tailand, Nepal, Shri-Lanka, Hindiston, Finlyandiya, Italiya, Britaniya, Ispaniya, Shvetsiya, Belgiya, Isroil, Avstriya, Xorvatiya, Shveysariya, AQSH, Kanada, BAA, Misr, Eron, Livan, Kuvayt, Bahrayn, Ummon, Afg‘oniston, Iroq va Jazoir fuqarolariga mamlakatga kirishni taqiqladi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, jahonda koronavirusga chalinganlar soni 95 392 nafarga yetdi. Ushbu kasallikdan 3285 kishi vafot etdi. 53 271 bemor shifo topgan.

Koronavirus eng ko‘p tarqalgan davlatlar: Xitoy (80409 bemor – 3012 nafar vafot etgan), Janubiy Koreya (5766 – 35), Italiya (3089 – 107), Eron (2922 – 92), Yaponiya (1000 – 12), Fransiya (285 – 4), Germaniya (262 – 0), Ispaniya (202 – 2), AQSH (159 – 11), Singapur (110 – 0), Gonkong (105 – 2). 


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston kornavirus

Baholaganlar

141

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing