Koronavirus bartaraf etilgan kruiz, Meksika mafiyasining qo‘lga tushgan sardori – yangiliklar dayjesti

Olam

image

Jahon yangiliklari

Suriya. Rus harbiylari mamlakatning Halab chekkasidagi Amiriya qishlog‘iga insonparvarlik yordamini yetkazib berdi. Mahalliy aholi va qochqinlarga non, oziq-ovqat to‘plamlari va ko‘rpa-to‘shaklar topshirildi. To‘plamlarga quyultirilgan sut, choy, un, guruch va grechka kiradi. Jami bo‘lib 250 ga yaqin oziq-ovqat to‘plami berilgan.

Janubiy Koreya. O‘tgan kun davomida mamlakatda koronavirus infeksiyasining 367 ta yangi holati qayd etildi. Shu tariqa Janubiy Koreyada ushbu kasallikka chalinganlarning umumiy soni 7134 kishiga ko‘paydi, vafot etganlar soni 50 kishiga yetdi. Mamlakat epidemiologik xavf darajasini eng yuqori darajaga ko‘tardi. Barcha maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘qish boshlanishi 23 martga qoldirildi.

AQSH. Carnival Corporation kruiz kompaniyasining bosh shifokori Grand Tarling Grand Princess kemasida koronavirus bilan kasallangan bemor yo‘lovchilarning deyarli barchasi tuzalib ketgani haqida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus tashxisi qo‘yilgan 21 kishi orasida turli millat vakillari bor. Tarling ekipajning barcha a’zolari koronavirus testidan o‘tishini ta’kidladi.

Venesuela. 7 mart kuni PDVSA davlat neftegaz korporatsiyasining xodimlari va rahbarlari qo‘lga olindi. Ular orasida Negra Hipólita tankerining 38 nafar ekipaj a’zosi, PDV Marina Prezidenti va uning yordamchisi, shuningdek, 6 menejer ham bor. Bu haqda mamlakat IIV rahbari Nestor Reverol ma’lum qilgan. Ushbu korporatsiya xodim va rahbarlariga yoqilg‘i mahsulotlari – dizel, benzin, aviatsiya kerosini, shuningdek, uglevodorodlarni talon-taroj qilganlik ayblovi qo‘yilgan. Shu bois keng miqyosda surishtiruv ishlari va hibsga olishlar davom etmoqda.

Yaman. Arab koalitsiyasi Salif port shahridagi shialarning “Ansor Alla” (husiylar) harakati ob’ektlariga zarba yo‘lladi. Hujum oqibatida minalashtirilgan qayiqlar yo‘q qilingan.

Meksika. Hukumat Guanaxuato shtatida mamlakatdagi yirik jinoiy guruh hisoblanmish "Santa-Rosa-de-Lima"ning rahbarlaridan birini qo‘lga oldi. “Hamkorlikdagi operatsiya vaqtida "Santa-Rosa-de-Lima” jinoiy guruhiga aloqador “El Miklo” laqabli Armando N. qo‘lga olindi”, deyiladi shtat prokuraturasi bergan xabarda. U ko‘plab bosqinchlik va qotillik qilishda ayblangan.

Portugaliya. Mamlakatning Madeyra arxipelagi sohilida 6.0 magnitudali zilzila yuz berdi. Zilzila mahalliy vaqt bilan 20:58 (Toshkent vaqti bilan 01:58) da qayd etildi. Zilzila markazi Funchal shahridan 55 kilometr janubda joylashgan. Qurbonlar va vayronagarchiliklar haqida ma’lumot olinmagan, sunami xavfi e’lon qilinmagan.

Futbol xabarlari

APL. Angliya Premer-ligasi 29-turi doirasida qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. O‘yinlarda quyidagi natijalar qayd etildi:

“Bernli” – “Tottenhem” 1:1
“Arsenal” – “Vest Hem” 1:0
“Sheffild Yunayted” – “Norvich” 1:0
“Sauthempton” – “Nyukasl” 0:1
“Vulverhempton” – “Brayton” 0:0 
“Kristal Pelas” – “Uotford” 1:0
“Liverpul” – “Bornmut” 2:1

Bundesliga. Germaniya Bundesligasining 25-turida “Borussiya” Myonxengladbax o‘z uyida “Borussiya” Dortmundni qabul qilib, 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Qolgan bahslarda quyidagi natijalar qayd etildi:

“Gerta” – “Verder” 2:2
“Frayburg” – “Union Berlin” 3:1
“Shalke” – “Xoffenxaym” 1:1
“Volfsburg” – “RB Leypsig” 0:0
“Bayer – Ayntraxt F” 4:0

La Liga. Ispaniya chempionatining 27-turida “Barselona” o‘z maydonida “Real Sosedad”ni qabul qildi va 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Yana bir uchrashuvda “Atletiko” jamoasi “Sevilya” bilan durang o‘ynadi - 2:2.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Suriya Meksika Koronavirus

Baholaganlar

125

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing