Koronavirus haqida soxta xabarlar tarqatgan 24 kishi hibsga olindi
Olam
−
18 mart 2020
15011Turkiyada koronavirus haqida yolg‘on ma’lumot tarqatgan 24 kishi hibsga olindi. Bu haqda bugun, 18 mart kuni RIA Novosti xabar qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda virus haqida noto‘g‘ri va provokatsion xabarlarni yuborgan 137 kishi aniqlangan. Ulardan 24 nafari hibsga olingan. Boshqa gumondorlarni qidirish davom etmoqda.
Voqealar yuzasidan Anqara prokuraturasi "Rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish" va "Aholini qo‘rqitish va vahima qo‘zg‘ash tahdidi" moddalari bo‘yicha tergov boshladi. Ayni paytda Turkiyada koronavirus infeksiyasining 98 holati qayd etilgan, bir kishi bu virus sabab vafot etgan.
O‘zbekistonda esa koronavirus bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda bemorlar soni 15 nafarni tashkil etmoqda.
Vazirlar Mahkamasida o‘tgan O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini yolg‘on xabarlar tarqatishga nisbatan chora ko‘rilishi haqida ogohlantirgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligidan ma’lum qilishlaricha, mamlakatdagi haqiqiy vaziyatni soxtalashtirib talqin qilayotgan, aholi orasida vahima keltirib chiqarishga qaratilgan, fuqarolar totuvligini buzish va vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatgan ijtimoiy tarmoqlardagi 33 ta akkaunt aniqlangan. Ulardan 25 (!) tasi xorijiy mamlakatlardagi foydalanuvchilarga, 8 tasi esa O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga tegishli. Hozirda ushbu fuqarolarning shaxsi aniqlanib, tegishli tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi