Koreyalar o‘rtasida “yarash oshi” qachon pishadi?

Tahlil

image
Telba siyosatchi tarixi: Saakashvilini Rossiya jazolayaptimi? north_east

Telba siyosatchi tarixi: Saakashvilini Rossiya jazolayaptimi?

Xitoy “qarz qopqoni”ga kimlar tushgan? O‘zbekiston xavf guruhiga kiradimi? north_east

Xitoy “qarz qopqoni”ga kimlar tushgan? O‘zbekiston xavf guruhiga kiradimi?

Joriy yilning 13 dekabr kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In Shimoliy va Janubiy Koreya urushni tugatishni kelishib olgani haqida xabar berdi. Ushbu yangilik jahon hamjamiyatining e’tiborini tortdi. Sababi yarim asrdan ziyod vaqtdan buyon davom etayotgan urushni haqiqatan ham yakunlashga erishilsa, bu XXI asrdagi eng olamshumul siyosiy yangilik bo‘ladi.

Dushmanlikka barham berilishi qanchalik haqiqatga yaqin? Mun Chje In saylovoldi dasturida ikki koreys davlatini yarashtirish haqida bergan va’dasini bajara oladimi? Buni Shimoliy Koreya nechog‘lik xohlaydi? Qo‘shni davlatlarning bu boradagi pozitsiyasi qanday? Bugungi maqolada shu savollarga javob izlaymiz.

Koreyalararo urush tarixi

Bundan 71 yil avval, 1950 yil 25 iyun kuni Koreya urushi boshlandi. Bu qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi to‘qnashuv emas edi. Koreya urushi, aslida, ikki koreys lageri (kelajagini sovet modelida qurishga intilayotgan shimol va AQSH bilan munosabatlarga sodiq qolgan janub) o‘rtasidagi fuqarolar urushi sifatida boshlandi. Sovuq urush davrida u darhol keng ko‘lamli harbiy mojaroga aylandi. Unda bevosita yoki bilvosita buyuk davlatlar – AQSH va Buyuk Britaniya janub tomonidan, SSSR va XXR esa Shimol tarafidan, shuningdek Janubiy Koreyaga yordam berish uchun xalqaro harbiy kuchlar yuborgan BMT ishtirok etdi.

Urush uch yil davom etib, unda taxminan ikki millionga yaqin odam qurbon bo‘ldi. 1953 yil 27 iyulda Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya o‘rniga qatnashgan BMT vakillari o‘rtasida sulh shartnomasi imzolangan bo‘lsa-da, amalda hududda tinchlik o‘rnatilmadi.

Koreyalararo qarama-qarshilik shu kungacha davom etmoqda. Bugungi kunda 38-parallel chizig‘ining (AQSH va SSSR o‘rtasidagi kelishuvga binoan, davlatni teng ikkiga bo‘lgan hudud) har ikki tomonida – ikki Koreya davlati o‘rtasidagi shartli chegarada istehkomlari qurilib, eng zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan jihozlangan minglab qo‘shinlar bir-biriga qarshi qaratilgandi.

Agar Seul Janubiy Koreyaning iqtisodiy farovonligini Pxenyanning ehtimoliy tajovuzidan himoya qilish uchun Amerika harbiylarining mavjudligiga muhtoj bo‘lsa, Vashington uchun Koreya Respublikasi "AQSH hukmronligini" ta’minlashning global tizimida tarkibiy qismlardan biri hisoblanadi. Koreya yarimoroli AQSHning Sharqiy Osiyodagi muhim harbiy hududi sanaladi. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlarning ittifoqchisi sifatida Janubiy Koreya rasmiy Vashingtonning Tinch okeanidagi harbiy qudratini sezilarli darajada mustahkamlaydi. AQSH harbiy yordami to‘g‘risida Janubiy Koreya Konstitutsiyaning 9-moddasida ham belgilab qo‘yilgan.

KXDRning yadro quroliga intilishi

1990-yillarda Koreya yarim orolidagi o‘zaro muammolarda yana bir xavf paydo bo‘ldi. KXDR “Yadro qurolini tarqatmaslik” to‘g‘risidagi shartnomani buzgan holda, yadroviy raketa dasturi ishlab chiqilishini e’lon qildi. Pxenyan Janubiy Koreya-BMT qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilgan amerikalik general D.Makarturning Koreya urushi paytida atom bombasidan foydalanish haqidagi chaqiriqlarini eslatdi va Shimoliy Koreyaning o‘z yadro quroliga ega bo‘lishi AQSHning ehtimoliy zarbasini to‘xtatishi mumkinligini ta’kidladi.

Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Koreyaning yadroviy raketa dasturiga qarshi iqtisodiy sanksiya bilan javob qaytardi va bu sanksiyalar yuki yillar davomida oshirib borildi.

Koreyalararo muloqot

Ikki holat Koreyalararo muloqotga yordam berdi. Bir tomondan, uzoq masofaga uchuvchi yadroviy raketa qurolini yaratgan KXDR yetakchisi Kim Chen In AQSH tomonidan keladigan xavfni bartaraf eta olishiga ishonib, yadroviy raketa poygasini to‘xtatib, iqtisodiy muammolarni hal qilishga kirishdi.

Munosabatlarning iliqlashishiga ikkinchi sabab Janubiy Koreyaning xatti-harakatlaridir. Va bu yerda nafaqat Koreya Respublikasining amaldagi Prezidenti Mun Chje Inning saylovlar boshidanoq Pxenyan bilan muloqotni tiklash shiorini ilgari surgani, balki Donald Trampning 2017 yilda KXDRga nisbatan tajovuzkor ritorikasi ham muhim rol o‘ynadi. Bir necha o‘n yilliklar ichida birinchi marta dunyo AQSH tashabbusi bilan Koreya yarimorolida yangi urush boshlanishining real tahdidiga duch keldi. Unda asosiy qurbon Shimoliy Koreyaning kuchli zarbasiga duchor bo‘ladigan Janubiy Koreya bo‘lishi muqarrar edi. Shu sababli, agar Vashington uchun urushdagi g‘alaba Shimoliy Koreya davlatini hozirgi ko‘rinishida yo‘q qilish bo‘lsa, Seul uchun g‘alabaning yagona yo‘li urushning oldini olish bo‘lib qoldi.

Koreyalararo sammitlardan ko‘p narsa kutilgan edi. Ammo umidlar faqat bir narsada oqlandi: yaqin kelajakda Koreyada yadroviy yoki boshqa urush bo‘lmaydi. Kim Chen In va Mun Chje Inning Pxanmunjom va Pxenyanda qabul qilgan deklaratsiyalarida ikki Koreya davlati o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berildi. Bu niyatlarni amalga oshirish yo‘lida ko‘plab qiyin siyosiy va huquqiy muammolar to‘sqinlik qildi.

Shu bois 2018 yilda shov-shuv bilan boshlangan koreyslararo muloqot 2019 yil oxiriga kelib to‘xtab, 2020 yilda esa boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Janubiy Koreya hukumati turli jamoat tashkilotlarining Shimoliy Koreya rejimiga qarshi harakatlar aks etgan varaqalar to‘ldirilgan sharlarni KXDRga jo‘natishiga to‘sqinlik qilmaganini bahona qilib, Pxenyan Seul bilan barcha aloqalarni uzdi.

Gap, faqat Shimoliy Koreyaga varaqalar solingan sharlarni yuborishda emasdi. Koronavirus pandemiyasini yengib o‘tgandan so‘ng, iqtisodiyoti qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan Pxenyan Kim Chen In va Mun Chje In sammitlarida erishilgan kelishuvga binoan Seul tomonidan koreyslararo iqtisodiy hamkorlikni tiklashga qaratilgan hech qanday qadamlar yo‘qligidan noroziligini bildira boshladi. Kelishuv asosan Keson sanoat majmuasi va Kimgansan turizm zonasi haqida edi. KXDR bilan chegara yaqinida joylashgan Keson sanoat majmuasi koreyslararo eng yirik va eng muvaffaqiyatli loyiha hisoblanadi. Unda 50 mingga yaqin shimoliy koreyalik ishchilar ishlaydi Janubiy Koreyaning yuzdan ortiq kichik va o‘rta korxonalari majmuasidir. 2015 yilga kelib, Keson majmuasi ishi tufayli koreyalararo tovar ayirboshlash hajmi 3 milliard dollarga yaqinlashdi va bu Janubiy Koreyani KXDRning Xitoydan keyin ikkinchi muhim savdo sherigiga aylantirdi. Kimgansan turistik hududi Janubiy Koreya fuqarolari uchun 1998 yildan 2008 yilgacha, o‘n yil davomida ochiq bo‘lgan. Bu vaqt ichida unga deyarli 2 million janubiy koreyalik tashrif buyurishga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa KXDR hukumatiga qo‘shimcha daromad manbai edi.

Koreyaning barcha qo‘shnilari davlatlarning birlashishini xohlaydimi?

Seul birlashish mamlakatni uzoq muddatga mintaqaviy va global miqyosdagi raqobatdan chiqarib yuborib, qimmatga tushishidan xavotirda. Pxenyan, o‘z navbatida, janubga taslim bo‘lish niyatida emas. Ular Germaniya tajribasini yaxshi o‘rgandilar, bu yerda kapitalistik G‘arb Sotsialistik Sharqni o‘z tarkibiga qo‘shib, GDRning sobiq fuqarolarini “ikkinchi darajali odamlarga” aylantirdi. Shimoliy Koreya hukumatining yangi yosh avlodi Kim Chen In g‘oyalari asosida tarbiyalanmoqda. Mamlakatda mavjud ikkala sinf (harbiy elita va yangi boylar) uchun ham Shimoliy Koreya davlatchiligini saqlab qolish umumiy hayotiy manfaatga ega. Koreyaning Seul boshchiligida birlashishi ikki qatlam uchun ham birdek xavflidir, chunki bu holda harbiy elita qudratini yo‘qotadi, mahalliy xususiy tadbirkorlar esa Janubiy Koreyaning Chebol monopoliyalari tomonidan osongina sindiriladi.

Qo‘shma Shtatlarga kelsak, ularning manfaatlari Koreyaning birlashishi emas, balki bu yerda keskinlik muhitini saqlab qolish bilan mos keladi. Chunki mojaroli hudud Amerikaning Shimoliy-Sharqiy Osiyodagi harbiy-siyosiy mavjudligini kuchaytiradi.

Xitoy Koreya yarim orolidagi kuchlar muvozanatiga birinchi navbatda AQSH bilan qarama-qarshilik prizmasi sifatida qaraydi. Pekin birlashgan Koreya xitoyparast bo‘lishiga ishonch hosil qilgan taqdirdagina davlatlarning birlashishini qo‘llab-quvvatlaydi. Bunga ishonch yo‘q: Seul shartlari asosida birlashgan Koreya, Xitoy uchun yaxshi holatda – AQSH bilan mustahkam aloqaga ega qudratli mustaqil davlatga, yomoni – Vashingtonning mintaqada XXRni to‘sib qo‘yadigan forpostiga aylanadi (xuddi Yaponiya kabi).

Yaponlar uchun asosiy savol Shimoliy Koreya yadro qurolini kim olishini e’lon qilishida bo‘ladi. Tokio Koreyaning birlashishini faqat ushbu qurollar yo‘q qilinishi yoki olib tashlanishi kafolati bilan qo‘llab-quvvatlaydi. Darhaqiqat, yaponlar mintaqaviy va jahon maydonida kuchli raqobatchi sifatida birlashgan Koreyaning paydo bo‘lishidan qo‘rqishadi (xuddi 1980 yillarning oxirlarida Angliya va Fransiya birlashgan Germaniyaning shakllanishini kechiktirishga harakat qilgani kabi).

Rossiya KXDRning sherigi va ushbu mojaroli hududni tashkil qilgan davlat sifati gavdalanadi. Lekin SSSR qulashidan keyin ruslarning bu hududdagi mavqei ancha susaydi. Moskva Koreyani yagona, mustaqil, neytral davlat sifatida birlashishiga qarshi emas, ammo mamlakatda AQSH ta’siri kuchayishiga toqat qilolmaydi.

Tramp va Pxenyan

Trampning 2017 yilda Pxenyanga harbiy zarba berish tahdidi Kim Chen Inni muloqotga kirishishga majbur qildi. Bu jarayonda Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje Inning koreyalararo vaziyatni yumshatish masalasidagi talabi va KXDRga qarshi yadro urushi tahdidiga nisbatan umumiy xalqaro munosabati ham muhim rol o‘ynadi. Natijada 2018-2019 yillarda uchta Koreyalararo va ikkita Shimoliy Koreya-AQSH sammitlari bo‘lib o‘tdi.
Donald Tramp KXDRga tashrif buyurgan Qo‘shma Shtatlarning birinchi prezidenti bo‘ldi. Muloqot chog‘ida Kim Chen In Koreya yarimorolini yadrosizlantirishning asosiy sharti Shimol va AQSH o‘rtasidagi yangi munosabatlar ekanini ta’kidladi. Bu munosabatlar o‘zaro ishonchga asoslangan va o‘zaro demonizatsiyadan xoli bo‘lishi kerak. Bu Pxenyan uchun ham, Vashington uchun ham oson ish emasligi aniq. Ammo buni qanday hal qilish haqida misollar mavjud. Xitoy-Amerika va Vetnam-Amerika munosabatlarida ham xuddi shunday muammo o‘z vaqtida bartaraf etildi.

Murosa uchun Pxenyan qit’alararo ballistik raketalarni ishlab chiqishni to‘xtatishi, yadroviy materiallar tayyorlashni muzlatib qo‘yishi va yadroviy inshootlarini xalqaro tekshiruvlar uchun ochishi kerak. Vashington esa buning evaziga KXDRni rasman tan oladi, u bilan diplomatik aloqalar o‘rnatadi, elchixonalar ochiladi, uning chegaralari yaqinida harbiy faoliyatni cheklaydi, sanksiyalarni kamaytiradi va pirovardida olib tashlaydi, shimolga iqtisodiy va energetik yordam ko‘rsatadi.

Biroq savol shundaki, hozirgi AQSH rahbariyati qanchalik Amerika-Shimoliy Koreya muloqotini davom ettirishni xohlaydi? Amaldagi Prezident Jo Bayden e’tiborni Xitoy, Sharqiy Yevropa, Rossiya, Yaqin Sharqqa qaratgan. Hozircha Koreya yarimorolini o‘ylashga vaqt yo‘q.

Koreyalararo yarashuv uchun koreyslar o‘zlari kurashishi kerak

Bo‘lib o‘tgan koreyalararo sammitlarning asosiy natijasi shundan iboratki, Seul KXDR mavjudligini tan oldi va unga nisbatan tinch-totuv yashash siyosatini qabul qilgan. KXDRning suveren davlat sifatidagi maqomini, uning rahbariyatining qonuniyligi va konstitutsiyaviy ekanligini tan olish va ikki Koreya munosabatlarini teng tamoyillar asosida o‘tkazish bugungi kunda shimolliklar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu jarayonda bosh rolni BMT bajarishi mumkin. Tashkilot 1945 yil oxirida paydo bo‘lganidan beri "Koreya masalasi" bilan shug‘ullangan. Ammo 1975 yil noyabr oyida Bosh Assambleyaning XXX sessiyasida ushbu masala bo‘yicha ikkita rezolyutsiya tasdiqlanganidan keyin (biri AQSH tashabbusi bilan, ikkinchisi SSSR tomonidan) ikkalasi ham bajarilmagan. Shundan so‘ng, Koreyadagi siyosiy yechim muammosi kun tartibidan olib tashlangan.

BMT birinchi navbatda KXDR bilan o‘zaro adovatni to‘xtatishi lozim. Koreya urushi paytida Janubiy Koreyaga yordam ko‘rsatish uchun BMT Xavfsizlik Kengashining 1950 yil 7 iyuldagi 84-rezolyutsiyasiga muvofiq, Koreyada tashkilot qo‘mondonligi – AQSH boshchiligidagi 16 davlat qo‘shinlaridan iborat harbiy kuchlar tashkil etildi. Bu kuchlar yarimoroldagi urushda BMT bayrog‘i ostida shimolga qarshi qatnashgani va 1953 yil sulh to‘g‘risidagi bitimni janubliklar nomidan BMT imzolagani sababli, KXDR tashkilot bilan rasman urushni davom ettirmoqda. Holbuki, Shimoliy Koreya 1991 yildan buyon BMT a’zosi hisoblanadi.

Urushni yakunlash uchun BMT Xavfsizlik Kengashi deklaratsiyasini qabul qilish va u orqali Koreya urushi o‘tmish sahifasi ekanligini e’lon qilishi kerak.

Yarimorolda tinchlik o‘rnatilishiga halal beradigan yana bir asosiy muammo 28,5 ming kishilik AQSH harbiy kuchlari hisoblanadi. AQSH va Janubiy Koreya kelishuvlarga ko‘ra, janubliklar yarimorolda tinchlik davrida ham o‘z qo‘shinlariga, ham Amerika harbiy kontingentiga qo‘mondonlik qiladi. Biroq, urush boshlanishi bilan qo‘mondonlik avtomatik ravishda Qo‘shma Shtatlar qo‘liga o‘tadi, ya’ni Koreya Respublikasi Prezidenti mamlakat qurolli kuchlarining Oliy qo‘mondoni sifatida AQSH qurolli kuchlar general-leytenantiga bo‘ysunadi.

Tinchlik shartnomasi

Koreyalararo sammitlarda yechimi topishi kerak bo‘lgan asosiy masala 1953 yilgi “Koreya sulh shartnomasini” tinchlik shartnomasi bilan almashtirish zarurati hisoblanadi. Bu shartnoma ikki suveren mustaqil davlat – KXDR va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi kelishuv bo‘lishi kerak. 

1953 yilgi sulh bitimi davlatlararo hujjat emas edi. Bu urushayotgan kuchlarning bosh qo‘mondonlari o‘rtasida harbiy harakatlarni to‘xtatish, qo‘shinlarni tarqatish va ular o‘rtasida qurolsizlantirilgan chiziqni belgilash to‘g‘risidagi kelishuv edi. Koreya Respublikasi, AQSH, Xitoy davlat maqomida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvida ishtirok etmagan (sulh Shimoliy Koreya va BMT o‘rtasida imzolangan).

Shimol va Janubning 1972 yil 4 iyuldagi birinchi qo‘shma bayonotida ham Koreyaning birlashishiga mustaqil ravishda, tashqi aralashuvsiz va “milliy konsolidatsiya” asosida tinch yo‘l bilan erishish kerakligi aytilgan edi. 1991 yil dekabr oyida ikki hukumat rahbarlari yarashish, hujum qilmaslik, hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash orqali ikki Koreya davlatining teng huquqli xalqaro sub’ekt ekanligini rasman birinchi marta tan oldilar. 2000-2018 yillarda beshta koreyalararo sammitlar bo‘lib o‘tdi. Ularning har birida qo‘shma deklaratsiyalar qabul qilinib, unda davlatlar bosqichma-bosqich o‘zaro qarama-qarshilikdan yaqinlashish siyosatiga o‘tishi belgilab qo‘yildi. Ushbu hujjatlarning hech biri koreyalararo aloqada uchinchi davlatlarning ishtirokini nazarda tutmagan. Bu ikki Koreyaning faqat ikki tomonlama formatdagi o‘zaro hamkorligi haqida edi.

2018 yilgi Pxenyan sammiti doirasida Pxanmunjom deklaratsiyasini harbiy sohada amalga oshirish bo‘yicha kelishuv KXDR va Koreya Respublikasi Mudofaa vazirlari tomonidan imzolangan. Bu prinsipial jihatdan harbiy keskinlikni pasaytirish yo‘lidagi jiddiy qadam bo‘ldi. Deklaratsiyaga muvofiq harbiylar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda, ikki tomonlama aloqa kanallari ochilmoqda va har qanday holatda to‘qnashuv va mojarolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun mexanizm ishlab chiqmoqda. Bu juda muhim, chunki Koreya Respublikasi 1953 yildagi sulh bitimini imzolamagan. Sammit doirasida ikki davlat rahbarlarining 2032 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarini birgalikda o‘tkazish uchun ariza berish niyatida ekani e’lon qilingan edi. 

Xulosa qiladigan bo‘lsak, 71 yil avval boshlangan Koreya urushi hali tugamagan. Koreya inqirozi bugungi kunda xalqaro xavfsizlikka asosiy tahdidlardan biri hisoblanadi. Ushbu inqiroz ikki komponentdan iborat: Koreya xalqining o‘nlab yillar davomida ikkita alohida davlatga bo‘linishi va KXDRning yadroviy raketa dasturini amalga oshirishi.

Koreya inqirozining ikki komponenti bir-biriga bog‘langan, ammo ularning bir-biriga ta’siri teng emas. Pxenyanning yadroviy rivojlanishdan voz kechishining o‘zi shimol va janub o‘rtasidagi qarama-qarshilikka barham bermaydi. Shu bilan birga, koreyalararo iqtisodiy va siyosiy tafovut Koreya urushini tugatish va Koreya yarim orolining yadroviy muammosini hal qilishga to‘siq bo‘ladi.

Bundan tashqari, davlatlar tinchlikka erishish uchun tashqi kuchlarga qarshi birlashib harakat qilishi lozim. Shimoliy Koreya tomoni ham shu fikrni ilgari surmoqda. Joriy yil sentyabr oyida Kim Chin Inning “qudratli” singlisi Kim Yo Chjon bayonotida Pxenyan Seul bilan Koreya urushi bo‘yicha kelishuvning rasman yakunlash deklaratsiyasi bo‘yicha konstruktiv muloqotga tayyorligini ma’lum qilgandi. Buning uchun janubliklar hududda AQSH manfaatlari uchun xizmat qilishdan voz kechishi kerakligi ta’kidlagan. Lekin Janubiy Koreya urushni to‘xtatish uchun okeanorti og‘asining qo‘llab-quvvatlashidan voz kecha oladimi?

Doston Iskandarov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

BMT SSSR KXDR

Baholaganlar

116

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing