Telba siyosatchi tarixi: Saakashvilini Rossiya jazolayaptimi?

Tahlil

image

Yevropa bo‘ylab sakkiz yillik sargardonlikdan keyin joriy yilning sentyabr oyida o‘z vatani Gruziyaga qaytgan mamlakatning uchinchi Prezidenti Mixail Saakashvilining hibsga olinishidan so‘ng, butun dunyo nigohi bor-yo‘g‘i uch million aholisi bo‘lgan ushbu sobiq sovet respublikasiga qaratildi.

2015 yilda bir necha jinoyat ishi yuzasidan Gruziya fuqaroligidan mahrum qilingan Saakashvili joriy yilning sentyabr oyi oxirida mamlakatga noqonuniy tarzda kirib keldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u Gruziya chegarasini oziq-ovqat solingan konteynerda kesib o‘tgan va hibsga olingunga qadar bir muddat yashirin tarzda yashagan.

Saakashvilini kimlar nimada ayblayapti?

Ikki oydan ortiq vaqtdan beri qamoqda saqlanayotgan Saakashvili ishi bo‘yicha hozirgacha ikkita sud majlisi o‘tkazildi. Hukumat tomonidan sobiq Gruziya rahbariga nisbatan to‘rtta jinoiy ish ochilgan:

•    “Imedi” xususiy telekanali binosiga bostirib kirish, telekanal egasi marhum tadbirkor Badri Patarkatsishvilining mulkini noqonuniy musodara qilish;   
•    9 million Gruziya larisi (2,9 million dollar atrofida) miqdorida davlat pullarini o‘zlashtirish;
•    2007 yilda tinch namoyishni kuch bilan bostirish;
•    Bank xodimi Sandro Girgvilaniga uyushtirilgan suiqasd ishi (2018 yilda Gruziya sudi tomonidan Saakashvili aybdor deb topilib, bu uchun sirtdan 3 yil qamoq jazosi tayinlangan vaqtda siyosatchi mamlakatda emasdi.)

Bugungi kunda Gruziya Prezidenti 2007 yilda Saakashvili hukumatiga qarshi nomoyish o‘tkazgan Salome Zurabishvili hisoblanadi. U faoliyatining asosiy qismini Fransiya davlat organlarida ishlab o‘tkazgan. Prezidentlik birinchi kunidanoq u Rossiya bilan har qanday hamkorlikka qarshi ekanligini bildirgan.

Mamlakat Bosh vaziri esa Irakliy Garibashvili bo‘lib, u 2015 yil Saakashviliga nisbatan ayblovlar e’lon qilgan rusparast sobiq Prezident Bidzin Ivanishvilining shogirtidir.

Hibsga olinganidan ko‘p o‘tmay, Saakashvili ochlik e’lon qildi. Shifokorlar va uning tarafdorlari siyosatchining hayoti xavf ostida ekanligini va uni ozod qilishni talab qilayotgan bo‘lsa-da, amaldagi hukumat bunday ayblovlar haqiqatga zid ekanligini ta’kidlamoqda. 50 kunlik ochlikdan so‘ng gruzin siyosatchisi sudga borishga qaror qildi.

Tbilisi shahar sudida joriy yilning 29 noyabr kuni Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvili ustidan sud jarayoni boshlandi. 

Siyosatchi sudda o‘ziga nisbatan qo‘yilgan barcha ayblarni inkor qildi va “Men – Mixail Saakashvili. Gruziyada jinoyatchi-prezident bo‘lmagan. Buni hamma gruzinlar bilishini xohlayman. Hozirgi Gruziya davlati asoschisi jinoyatchi bo‘la olmaydi, chunki jinoyatchilar davlatga asos solmaydi, uni vayron qiladi”, degan sobiq Prezident.

Gruziyaning AQSH, Kanada va Meksikadagi sobiq elchisi Batu Kuteliya "Dom" telekanaliga bergan intervyusida sud ishi haqida fikr bildirar ekan, shunday fikr bildirib, ushbu jarayonlar tepasida Rossiya turganini, Bidzin Ivanishvili va hozirgi Bosh vazir “ruslarning odami” ekanligini ta’kidladi.

“Putin Saavashvilini Rossiyaga qilgan ishlari uchun jazolayapti, chunki Caakashvili – mustaqil Gruziya timsolidir”, deydi sobiq elchi.

Saakashvilining munitsipal saylovlar arafasida qaytishi uni nafaqat Gruziyada, balki Pyotr Poroshenko (Ukrainaning sobiq Prezidenti) taklifi bilan 2015 yildan keyin yangi siyosiy karerasini qurgan Ukrainada ham shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Mixail Saakashvilini qo‘llab-quvvatlab chiqdi.

Gruziya Strategik va xalqaro tadqiqotlar jamg‘armasining katta ilmiy xodimi, Gruziyaning Buyuk Britaniyadagi sobiq elchisi Giorgiy Badridze “Euronews” telekanaliga bergan intervyusida Saakashvili haqida shunday degan:

“Bu siyosatdagi haqiqiy yirtqichning ekstremal qaytishidir. Shaxsan men u bilan gaplashganimda, shuni ko‘rganmanki, bu oddiy odam emas. U siyosatdan nafas oladi va ovqatlanadi”.

Ushbu maqolada juda qisqa vaqt ichida Gruziyada demokratik islohatlar o‘tkazgan Mixail Saakashvilining chigal va g‘ayrioddiy yo‘li haqida hikoya qilinadi.

Yosh islohotchi

Mixail Saakashvili 1967 yilda Tbilisida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Ukraina SSRda harbiy xizmatni tugatgandan so‘ng, xalqaro huquq bo‘yicha dastlab Kiyevda, so‘ngra nufuzli Kolumbiya universitetida tahsil olgan.

Saakashvili siyosiy faoliyatini 1995 yilda Mixail Gorbachyovning Sovet davridagi eng yaqin safdoshi bo‘lgan Prezident Eduard Shevardnadze davrida boshlagan. G‘ayratli yosh siyosatchi tezda martaba pillapoyasidan ko‘tarilib, islohotchi yorlig‘ini oladi. Biroq 2001 yilda u Shevardnadze hukumatini korrupsiyada ayblab, Adliya vaziri lavozimidan ketadi.

2003 yilda esa Shevardnadzening iste’foga chiqishiga sabab bo‘lgan “Atirgul inqilobi”ning rahbarlaridan biriga aylanadi. Bir yildan so‘ng o‘tkazilgan saylovda 97 foiz ovoz bilan Gruziya Prezidenti etib saylanadi.  

Badridzening ta’kidlashicha, Saakashviliga meros bo‘lib qolgan mamlakatni rivojlangan davlat deyish qiyin edi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng, Gruziya yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 44 foizga kamaydi. Giperinflyatsiya yiliga 9 000 foizga yetganligi taxmin qilingan.

“Bu mamlakatda soliq yig‘ishning iloji yo‘q edi, hukumat xavfsizlikni ta’minlash, qonun va tartibni saqlash kabi asosiy funksiyalarni bajarmasdi. Bundan tashqari, Gruziya amalda uyushgan jinoyatchilar nazorati ostida edi. Odamlar o‘zlarining kelishmovchiliklarini hal qilish uchun sudlar o‘rniga “qonundagi o‘g‘rilar” deb nomlangan jinoiy avtoritetlarga murojaat qilishardi. Kichik korrupsiya oddiy gruzinlarning kundalik hayotida yo‘l politsiyasidan tortib, to yuqori elitagacha har bir bo‘g‘inda uchrardi”, deya qo‘shimcha qildi Badridze.

AQSHda ta’lim olgan va bir qancha xorijiy tillarni yaxshi biladigan Saakashvili o‘z atrofiga g‘arbparast yosh mutaxassislar jamoasini to‘plab, islohotlarga kirishdi. O‘zgarishlarning dastlabki muhim qismi iqtisodiyotni demokratlashtirish va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘ldi. 2004 yilda Gruziya rahbari barcha yo‘l politsiyasi xodimlarini ishdan bo‘shatib, yangi patrul politsiya guruhini tuzdi. O‘sha paytdagi hukumatning ko‘plab amaldorlari va oligarxlari poraxo‘rlik bilan hibsga olindi. Qilingan islohotlar natijasida 2007 yilda Gruziya YAIMning o‘sish sur’ati rekord darajadagi 12 foizga yetdi.

Avtoritar demokrat

Gruziya iqtisodiyoti jadal sur’atlar bilan o‘sib borayotganiga qaramay, mamlakatda yangi hukumat siyosatidan jabr ko‘rgan oligarxiya va muxolifatning liberal fikrli qismi tomonidan Saakashvilining harakatlariga nisbatan norozilik kuchaydi.

Mutaxassislar va huquq himoyachilari ta’kidlagan asosiy muammolardan biri sud hokimiyatining mustaqil emasligi bo‘lib, bu Gruziya qamoqxonalarining mahbuslar bilan gavjumlashishiga zamin yaratgan. 

Saakashvili hukumati bilan bog‘liq yirik janjallardan biri 2006 yilda, bank xodimi Sandro Girgviliani restoranda Ichki ishlar vazirligining yuqori martabali amaldorlari bilan janjallashib qolganidan so‘ng, o‘lik holda topilganida boshlandi. Qotillikda aybdor deb topilgan huquq-tartibot idoralari xodimlari tez orada amnistiya akti bilan ozod etiladi.

2007 yil noyabr oyida rasmiylar Rossiyaning Gruziya ichki ishlariga aralashuvini bahona qilib, minglab muxolifatchilar namoyishini zo‘ravonlik bilan tarqatib yubordi, uning ishtirokchilari esa Prezidentning iste’fosini talab qiladilar. Maxsus kuchlar muxolifatchi “Imedi” telekompaniyasi tahririyatga bostirib kirib, efirni to‘xtatib qo‘yishadi.

“Adolat tuyg‘usi va liberal qadriyatlarga ega odamlar islohotlar zarurligini tan olardi, lekin ular bu o‘zgarishlar qonunga zid ravishda amalga oshirilayotganini bilishardi. Gruziya sezilarli darajada yaxshilanganiga qaramay, siyosiy tizim hali ham biroz avtoritar edi”, deydi Badridze.

2008 yilda saylovchilarning 53 foiz ovozi bilan ikkinchi muddatini boshlagan Saakashvili hukumati yana bir inqirozga duch keldi. Rossiya bilan munosabatlar yomonlashgan bir paytda, Gruziya muxtoriyati bo‘lgan Janubiy Osetiyada qurolli mojaro avj oldi. Rusparast va g‘arbparast ekspertlar va siyosatchilar sodir bo‘lgan voqea tafsilotlari haqida hozirgacha bahslashishadi, ammo urush Saakashvilining mamlakatdagi mavqeini yanada obro‘sizlantirdi. Gruziyaning NATOga a’zoligi to‘xtatildi.

Hukumatga qarshi namoyishlar davom etdi. 2012 yilda to‘qqiz yillik hokimiyatdan so‘ng, Saakashvilining partiyasi rusparast biznesmen Bidzin Ivanishvilining “Gruziya orzusi” koalitsiyasiga yutqazdi. O‘shanda postsovet hududidagi ko‘plab kuzatuvchilar Gruziyada o‘tkazilgan saylovlarni “demokratiya namunasi” deb atagan. 

Ivanishvili kaolitsiyasi birinchi kundanoq repressiyani boshladi va darhol Saakashvili va uning jamoasini ta’qib qilishga o‘tdi. Ta’qiblardan qo‘rqqan Saakashvili Gruziyani tark etdi, mamlakatda unga qarshi to‘rtta jinoiy ish ochildi. 2015 yilda siyosatchi Gruziya fuqaroligidan voz kechganini e’lon qildi.

Saakashvili nomi gruzinlar uchun boshqacha ahamiyat kasb etadi. 2003 yilda Gruziya parchalanib borayotgan davlat edi, 2012 yilga kelib esa u ozmi-ko‘p rivojlangan davlatga aylandi.

Janjalkash Saakashvili

2014 yilda siyosatchi yoshligini o‘tkazgan Ukrainada hokimiyat almashishiga olib kelgan inqilob sodir bo‘ldi. Rusparast yetakchi Viktor Yanukovich Ukrainadan qochib ketdi va Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyaga erishishga va’da bergan Pyotr Poroshenko Prezident bo‘ldi.

2015 yilda Poroshenko Saakashvilini Odessa viloyati gubernatori etib tayinladi va unga Ukraina fuqaroligini taqdim etdi. Ekspertlarning fikricha, Saakashvilining g‘arbparast islohotchi sifatidagi obro‘si uni Ukraina siyosatiga jalb qilishning asosiy omiliga aylangan. 

“Pyotr Poroshenko jamoasiga qaysidir ma’noda Saakashvili kerak edi”, deydi Ukraina Siyosat instituti direktori Ruslan Bortnik. 

Ikki yil davomida yangi hukumat samarali islohotlarni amalga oshira olmadi. Mamlakatdagi vaziyat juda yomon edi: Donbassdagi urush, Qrimning qo‘ldan boy berilishi, YAIMning 25 foizga pasayishi, dahshatli inflyatsiya shular jumlasidandir.

Bortnikning so‘zlariga ko‘ra, Saakashvili jamoatchilikning Ukraina rasmiylariga bo‘lgan ishonchini qaytarishi va G‘arb hamkorlari bilan munosabatlarni mustahkamlashi mumkin edi. Sovet Ittifoqidan bo‘lgan, ukrain tilida ravon so‘zlashuvchi sobiq Gruziya Prezidenti ukrainaliklar uchun begonadek ko‘rinmasdi. 

“Jamiyat Saakashvilidan Ukrainada gruzin islohotlarini amalga oshirishini kutgan edi. Dastlab, unga bo‘lgan ishonch 50 foiz ko‘rsatkich darajasida edi. Bu ishonch darajasi eng mashhur ukrainalik siyosatchilarni qo‘llab-quvvatlash bilan barobardir", deydi Bortnik.

Ukrainaga ko‘chib o‘tgan Saakashvili o‘zi bilan birga Gruziyadan Ichki ishlar vazirligi va boshqa kuchli tuzilmalardagi yuqori lavozimlarda ishlagan hamfikr jamoadoshlarini olib keldi. Ukrainada bo‘lgan davrida “Tozalash harakati” notijorat tashkiloti, “Yangi kuchlar harakati” siyosiy partiyasi va yana bir qancha siyosiy tashkilotlarni tuzdi. Saakashvili Odessa gubernatori sifatida Ukraina tizimini korrupsiyada ayblab, Kiyev rasmiylarini tanqid qila boshladi va 2016 yilda Odessa viloyati gubernatori lavozimini tark etdi. 

“U juda shuhratparast, shu bilan birga shov-shuvli va samarasiz siyosatchi bo‘lib chiqdi. Saakashvili rejalashtirilgan islohotlarni na butun Ukraina, na hududiy darajada amalga oshira olmadi”, deydi Bortnik. 

Rasmiylar bilan ziddiyat avj olishda davom etdi va 2017 yil iyul oyida Poroshenko Saakashvilini Ukraina fuqaroligidan mahrum qilib, 2021 yilgacha mamlakatga kirishini taqiqladi. 

Shunday qilib, Gruziyaning sobiq Prezidenti va Odessa viloyati gubernatori Mixail Saakashvili fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga aylandi. U bir necha bor Ukrainaga qaytishga harakat qilib ko‘rdi. 2017 yilda tarafdorlari hamrohligida Polsha-Ukraina chegarasini kesib o‘tayotib qo‘lga olingan. Bir yil o‘tgach, Kiyev rasmiylari uni Polshaga jo‘natishdi.

“Ukrainada faqat kuch bilan islohotlarni amalga oshirib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, aholidan farqli o‘laroq, elita Saakashvilini begonadek qabul qildi. Agar jamiyat Saakashvili biror narsa qiladi, deb umid qilgan bo‘lsa, elita unga ishonmadi, potensial tahdid sifatida qaradi va vaziyatga qarab unga qarshi birlashdi”, deydi Bortnik

Prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongach, Vladimir Zelenskiy Saakashviliga Ukraina fuqaroligini qaytarib berdi, biroq u sobiq surgun oqibatida siyosiy ta’sirining katta qismini yo‘qotgan edi.

Joriy yilning 2 dekabr kuni Saakashvili jinoyat ishi bo‘yicha ikkinchi sudi bo‘lib o‘tdi. Sudda unga nisbatan davlat mulkini o‘zlashtirish yuzasida “kurakda turmas” ayblovlar qo‘yildi. Go‘yoki siyosatchi davlat pullaridan Tailandda dam olgani, labini botoks qilgani va o‘g‘lini o‘qitgani da’vo qilindi. Sobiq Prezident barcha ayblovlarni rad etdi. 

Aholi orasida hukumatga qarshi noroziliklar avj olib bormoqda. Saakashvili tarafdorlari uni qo‘llab namoyishlar uyyushtirmoqda.

Sobiq Prezident davlat pullarini o‘zlashtirgani ayblovi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi 27 dekabr kuni o‘tkaziladi. Voqealar rivojini birgalikda kuzatamiz.

Doston Iskandarov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

144

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing