Xitoy “qarz qopqoni”ga kimlar tushgan? O‘zbekiston xavf guruhiga kiradimi?
Tahlil
−
06 dekabr 2021
90306Xitoy hozirda dunyoning eng tez rivojlanayotgan mamlakati hisoblanadi. 2020 yilda mamlakatning yalpi ichki mahsulot (YAIM) ko‘rsatgichi 17 trillion dollarga (AQSHdan keyin 2-o‘rinda) yaqinlashib qoldi. U siyosiy jihatdan ham bemalol dunyoda yetakchilik maqomi uchun kurashish darajasiga yetib keldi. So‘nggi o‘ttiz yil davomida boshni aylantiruvchi iqtisodiy o‘sish tufayli ulkan kapital to‘pladi. Faqat Xitoy Xalq bankining xorijiy zaxiralari 3,2 trln dollarni tashkil etmoqda. Ko‘pgina mamlakatlarda o‘z ta’sirini kengaytirishga intilayotgan Xitoy Xalqaro valyuta fondi (XVF) va Jahon bankini (JB) ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik rasmiy qarz beruvchiga aylandi. Ammo pandemiya tufayli yuzaga kelgan global iqtisodiy tanazzul Xitoyning ko‘plab qarzdorlarini qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Xitoyning qarz berish siyosati tanqidchilar tomonidan “qarz qapqoni diplomatiyasi” deya ta’riflanmoqda.
Bankirlar orasida mashhur bo‘lgan “bir necha ming kreditni bankka qaytara olmasang, senda muammo bo‘ladi, qarzing yuzlab million bo‘lsa, bankda muammo bo‘ladi”, degan naql Xitoyning o‘zi ham bergan qarzlari ortidan qiyin holatga tushib qolganiga misol bo‘ladi.
Ushbu maqolada Xitoy bergan qarzlarning miqdoriy tahlili, kredit berishdagi noshaffofliklar, “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi, pandimeyaning Xitoy qarz siyosatiga zarari, kreditlarning O‘zbekistonga ta’siri haqida so‘z yuritamiz.
Global Qarz beruvchi
Myunxen universitetidan Sebastyan Xorn, Garvard universitetidan Karmen Reynxart va Kil institutidan Kristof Trebesh kabi mutaxassislar hamkorlikda 152 davlatni qamrab olgan Xitoy kreditlari siyosati bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plashdi. Xitoy hukumati butun dunyoga 5 trillion dollardan ortiq (jahon YAIMning 6 foizi) kreditlar bergan. Holbuki, asr boshida bu miqdor 500 milliard dollardan kam edi (jahon yalpi ichki mahsulotining 1 foizi). Agar bularga xorijiy sarmoya va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni ham qo‘shsa, Xitoyning 2017 yilda xorijdagi umumiy moliyaviy mablag‘i jahon YAIMning 8 foizidan ortig‘ini tashkil etgan.
Bunday kredit va investitsiyalar o‘sishini tarixda faqat AQSHning Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari natijasida kredit zaxiralari ko‘payishi bilan solishtirish mumkin.
Qarzning katta qismi Xitoy Xalq banki tomonidan xalqaro obligatsiyalar bozorlarida sotib olingan. Bundan tashqari, hukumat rivojlanayotgan mamlakatlarga tobora ko‘proq to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlar bermoqda. Rivojlanish darajasi yuqori va o‘rta bo‘lgan mamlakatlar uchun kreditlashning eng keng tarqalgan shakli portfel investitsiyalari bo‘lib, odatda Xitoy Xalq banki tomonidan davlat obligatsiyalarini sotib olish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Oqibatda ko‘plab rivojlangan davlatlar Xitoy hukumatidan katta qarzdor bo‘lib qolgan. Eng mashhur misol – Xitoyning AQSH davlat obligatsiyalarini (shuningdek, AQSHning boshqa asosiy daromadli aktivlarini) sotib olishi 2000 yil boshidan buyon o‘sib, 2011 yilda 1,6 trillion dollar yetgan (AQSH YAIM 10 foizi).
Davlat tomonidan moliyalashtirishning boshqa turlari ham sezilarli darajada o‘sdi: rivojlangan mamlakatlarga rasman kafolatlangan tijorat krediti, kapital oqimi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar.
Rivojlanayotgan mamalakatlar kreditlarining to‘rtdan bir qismi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Xitoy kreditlarining 50 ta eng yirik oluvchi davlatlari asosan kichik yoki kambag‘al mamlakatlar hisoblanadi. Xitoyning qarzi 2005 yilda mamlakat YAIMning taxminan 1 foizidan 2016 yilda 15 foizgacha o‘sdi. Kreditlar davlat organlari – hukumat, Markaziy bank va davlat tijorat banklari tomonidan boshqariladi.
Aksariyat qashshoqroq mamlakatlarning Xitoydan qarzi hozirda umumiy rasmiy tashqi qarzning o‘rtacha 40 foizini tashkil qiladi. Xitoyning davlat kreditlari odatda imtiyozli shartlarga ega bo‘lgan XVF va Jahon banki kreditlaridan farqli o‘laroq, nisbatan yuqori foiz stavkalari va qisqa muddatlarga ega.
Bir makon, bir yo‘l tashabbusini moliyalashtirish
Xitoy "Bir makon, bir yo‘l" loyihasi doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlash faoliyati haqida batafsil ma’lumot bermaydi. Faqat qisman ma’lumot mavjud. Masalan, Xitoy tijorat banki 2015 yildan buyon yangi Ipak yo‘li bilan bog‘liq sarmoya kiritilayotgan mamlakatlarga 100 milliard dollar kredit ajratganini ma’lum qildi. Loyiha doirasida kreditlar asosan Exim Bank of China (Xitoy Eksim banki) tomonidan taqdim etiladi va Xitoy hukumati tomonidan kafolatlanadi. XVF ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning ushbu loyihalarga beradigan kreditlari aksariyat hollarda xavfli bo‘lib, tashabbusda ishtirok etayotgan mamlakatlar o‘rtasida ortiqcha qarzdorlikka olib keladi.
Yuqoridagi so‘zlar isboti sifatida bir-qancha misol keltirish mumkin:
Xitoyning yagona xorijiy harbiy bazasi joylashgan Jibuti olgan kredit miqdori qariyb 1,5 milliard dollarga yetdi. Bu pul mamlakat yalpi ichki mahsulotining 70 foizini tashkil etadi. Ba’zi kreditlar bozor stavkalaridan past foiz stavkalariga ega edi, ammo Addis-Abeba–Jibuti temir yo‘li uchun kredit tijorat shartlari asosida berilgan. Davlat qarzi yalpi ichki mahsulotning 50 foizidan 80 foizigacha oshdi va barcha past daromadli mamlakatlar orasida eng yuqori ko‘rsatkichga erishdi.
Maldiv orollarida Xitoy uchta loyihada ishtirok etadi:
• qiymati 830 million dollarga yaqin turadigan xalqaro aeroportni modernizatsiya qilish;
• qiymati qariyb 400 million dollar bo‘lgan turar-joy massivi va aeroport yaqinida ko‘prik qurilishi;
• asosiy portni ko‘chirish (taxminiy qiymati noma’lum).
Maldiv orollarining yalpi ichki mahsuloti 4 milliard dollardan ko‘proqni tashkil qiladi.
Xitoy Eksim banki temir yo‘l qurilishi uchun Laosga 465 million dollar kredit ajratdi. Laos hukumati gidroenergetika loyihasi uchun 600 million dollarlik kredit ham imzoladi.
Yevropaga ham Xitoy kreditlar kirib bordi. Xuddi shu bank Chernagoriyaning Bar shahrini Serbiya bilan bog‘laydigan magistral yo‘l narxining 85 foizini moliyalashtiradi. Investitsiyalarning taxminiy qiymati 1,1 milliard dollarni tashkil qiladi.
2017 yilda Xitoy Eksim banki Mo‘g‘uliston hukumati bilan aeroportdan poytaxtgacha bo‘lgan avtomobil yo‘li va gidroelektr stansiyasi qurilishini moliyalashtirish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Ushbu hujjatning umumiy qiymati taxminan 1 milliard dollarni tashkil qiladi. O‘tgan vaqt mobaynida Gidroenergetika loyihasi to‘xtatilgan va kredit boshqa maqsadlarga yo‘naltirilgan.
Xitoy Tojikistonda gaz quvuri, Qirg‘izistonda esa temir yo‘l va avtomobil yo‘li qurilishini moliyalashtirmoqda. Xitoy Eksim banki Qirg‘izistondagi ulushi 1,5 milliard dollar yoki mamlakat umumiy tashqi qarzining qariyb 40 foiziga ega bo‘lgan eng yirik kreditor hisoblanadi.
Pokiston “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining asosiy loyihasi bo‘lgan Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridorini (CPEC) amalga oshirmoqda. CPEC loyihalarining umumiy qiymati 60 milliard dollardan ortiqqa baholanmoqda. Energetika loyihalariga kamida 33 milliard dollar sarmoya kiritiladi. Xitoy xarajatlarning qariyb 80 foizini moliyalashtiradi.
Infratuzilma va energetikaga investitsiyalar odatda dastlab rejalashtirilganidan qimmatroq bo‘lib, ularning rentabelligi umumiy iqtisodiy vaziyatga bog‘liq. Pandemiya tufayli yuzaga kelgan global inqiroz loyihani amalga oshirishning kechikishiga olib keldi va Xitoyning qarzdor mamlakatlari kreditlarni qaytarishda muammolarga duch kelmoqda.
Yashirin qarzlar
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, Xitoy rivojlanayotgan davlatlarga bergan kreditlarining 50 foizini XVF va Jahon banki hisobotlaridan yaxshirib keladi. Moody's, Standard va Poor’s kabi reyting agentliklari xususiy kreditorlar (banklar, obligatsiyalar egalari yoki boshqalar) kreditlarini, Parij kreditorlar klubi esa bir davlat boshqa davlatga bergan rasmiy kreditlarini kuzatib boradi. Shuning uchun nazariy jihatdan ular Xitoyning ko‘pgina xorijiy kreditlarini o‘z ichiga olishi kerak. Biroq, Xitoy Parij klubining a’zosi emas va standart hisobot talablariga javob bermaydi. Bundan tashqari, Xitoy uzoq va qisqa muddatli tijorat kredit oqimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etuvchi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) eksport kredit guruhiga kirmaydi. Xitoy Xalq banki aktivlarni sotib olish yoki o‘z portfelining tuzilishi haqida ma’lumot e’lon qilmaydi. Natijada, Xitoyning xalqaro kredit hujjatlari haqida to‘liq ma’lumot olish imkoniyati mavjud emas.
Xitoy 2015 yilda Xalqaro hisob-kitoblar bankiga hisobotlar topshirishni boshladi, biroq hukumat ikki tomonlama kredit shartnomalarini oshkor qilishdan bosh tortdi. 2016 yilda “yashirin” kreditlar hajmi 200 milliard dollardan ortiqni tashkil qildi. Bu muammo, ayniqsa, rivojlanayotgan yigirmatalik davlatlarda kuchliroq, ya’ni qarz olish ularga qanchaga tushishi to‘g‘risida haqiqiy ma’umotlarni bilish imkoniyatini bermaydi.
Shaffoflikning yo‘qligi xususiy investorlar uchun aktivlarni baholashni qiyinlashtiradi. Bu, shuningdek, qarz inqirozini hal qilishda to‘siqdir, chunki mamlakat qarzining hajmi va tuzilishi haqidagi ma’lumotlar adolatli taqsimlash va inqirozni boshqarish uchun juda muhim omil hisoblanadi.
Xitoy bergan qarz ortidan kelgan muammolar
Xitoy hukumati Pokiston, Qirg‘iziston, Shri-Lanka va Afrikaning bir qancha davlatlari rahbariyati tomonidan joriy yilda to‘lanishi kerak bo‘lgan o‘nlab milliard dollarlik kreditlarni qayta ko‘rish, kechiktirish yoki bekor qilish bo‘yicha so‘rovlar oldi.
Afrikaning iqtisodiyot eng tez rivojlanayotgan davlati – Efiopiya Xitoydan qarzining bir qismidan voz kechishni so‘radi. Malayziya ba’zi kredit bitimlarini bekor qilib, Pekinni qarz qiymatini 16 milliard dollardan 11 milliard dollarga qisqartirishga majbur qildi. Xitoy juda ko‘p qarz bergani sabab kreditorning dilemmasiga duch keldi. "Qarzni bekor qilish samarasiz va osonmas. Xitoy yordam qila oladigan amal shuki – kredit mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan loyihalarni jonlantirish va izchil foyda keltirish”, deb yozadi Xitoy Savdo vazirligining vakili Song Vey kommunistlar nazoratidagi “Global Times” gazetasida.
Xitoyning moliya tizimi allaqachon davlat korxonalari va mahalliy hukumatlar tomonidan to‘lanmagan qarzlar tufayli tanglik holatiga kelib qoldi. Shu sababli, Xitoy G20 ning “kam daromadli mamlakatlarga ikki tomonlama kreditlar to‘lovlarini 2021 yil oxirigacha va hatto, 2022 yilgacha muzlatish” tashabbusiga qo‘shilgan bo‘lsa-da, katta hajmdagi qarzlarni bekor qilish g‘oyasini rad etdi. Ammo Song Veyning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Eksim banki tomonidan “Bir makon va bir yo‘l” loyihalari uchun ajratilgan kreditlarning qaytarilishi muzlatilmaydi.
Yetakchi davlatlar Xitoyni daromadi past bo‘lgan mamlakatlarga berilgan kreditlardan ortidan qimmatli aktivlarni egallab olishda ayblamoqda. Mamlakatdan tashqarida o‘zga davlat boyliklarni o‘zlashtirish qiyin, bitta noto‘g‘ri harakat siyosiy mojarolarga olib kelishi mumkin. Bunday holatga o‘zini “superkuch” deb da’vo qilgan Xitoy ham tayyor emas.
Shu bois Xitoy qarzdorlar bilan kelishishga harakat qilmoqda. Qirg‘iziston hukumati Xitoy 1,7 milliard dollarlik qarzni to‘lash jadvalini o‘zgartirishga rozi bo‘lganini e’lon qilgan, biroq tafsilotlarni oshkor etmagan. Xitoy Taraqqiyot banki Shri-Lankaga yordam berish uchun 700 million dollarlik kredit yo‘nalishini kengaytirdi, foiz stavkasini pasaytirib, to‘lovni ikki yilga kechiktirdi.
Pendemiya sababli yuzaga kelgan inqiroz Xitoyning moliyaviy jihatdan qaram davlatlar blokini yaratish bo‘yicha ulug‘vor rejalarini zaiflashtirishi mumkin.
Yaqinda bundan ham kuchli xavf paydo bo‘ldi: Yevropa Komissiyasi joriy yilning 1 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Xitoyning dunyoda ta’siri kuchayib borayotganiga qarshi kurashish maqsadida, rivojlanayotgan mamlakatlar bilan aloqalarni mustahkamlash uchun 300 mlrd evro mablag‘ ajratishga qaror qildi. Bu pullar 2027 yilgacha Bryussel (Yevropa Ittifoqi) tomonidan yaratilgan "Umumiy darvoza" (Global Gateways) loyihasi doirasida ishlatilishi kerak.
Kreditlarning O‘zekistonga ta’siri
2020 yil hisobotlari bo‘yicha O‘zbekistonning Xitoydan qarzi 3 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Bu mamlakat umumiy qarzining 12 foizini tashkil qiladi. Bu natijalar qo‘shni mamlakatlarda ancha yomonroq: Qirg‘iziston 1 milliard 700 million dollar qarz olgan va bu davlat umumiy tashqi qarzining 40 foizini tashkil etadi. Tojikiston tashqi qarzlarida Xitoyning ulushi 48 foizni tashkil etadi. Mustaqillik yillarida Tojikiston Xitoydan 1 milliard 200 million dollar qarz olgan. Qozog‘istonning Xitoy oldidagi davlat qarzi 12 milliard dollardan ortiqni tashkil etadi. Bu davlat umumiy qarzining 8 foizi degani. Turkmaniston haqida esa aniq ma’lumotlar mavjud emas.
Xitoy bergan umumiy kreditlar miqdor 5 trln dollar ekanini hisobga olsak, Markaziy Osiyo davlatlari bundan katta ulush olmagan. Markaziy Osiyo mamlakatlari boshqa ayrim davlatlarga solishtirganda “qarz qopqoni”ga tushadigan darajada xavf guruhiga kirmaydi. Shunga qaramay, mintaqa ichidagi vaziyatga qarasak, ayrim davlatlar ahvoli qo‘shnilariga qaraganda yomonroq.
Muammo shundaki, qarzlar o‘sib bormoqda. 2015 yilning yanvaridan 2019 yilning yanvarigacha davlatning Xitoy oldidagi qarzi asta-sekin 1,055 mlrd dollardan 1,964 dollargacha o‘sgan. 2020 yilga borib, O‘zbekistonning Xitoydan qarzi 3,006 mlrd dollarga yetdi. O‘sish shu tariqa davom etadigan bo‘lsa, yaqin vaqtlar ichida bu O‘zbekiston uchun iqtisodiy xavf bo‘lishi mumkin.
Doston Iskandarov
LiveBarchasi