Koreyada KTJ va HAMASni moliyalashtirgan o‘zbekistonlik erkak ushlandi
3-sahifa
−
28 Oktabr 2025 8981 3 daqiqa
Joriy yilning 27 oktyabr kuni Janubiy Koreya politsiyasi terrorchilik faoliyatini moliyalashtirishda gumonlangan 29 yoshli o‘zbekistonlik erkakni hibsga oldi. Bu haqda “The Chosun Daily” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘zbekistonlik erkak “Terrorizmga qarshi qonun” va “Terrorchilik mablag‘larini taqiqlash to‘g‘risida”gi qonunni buzganlikda gumonlanib, hibsga olingan. Hibsga olish jarayoni Milliy razvedka xizmati va AQSH Federal qidiruv byurosi (FBI) bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Erkak xayriya tashkiloti niqobi ostida soxta faoliyat yuritib, 952 million von (663 ming dollardan ortiq) undirgan.
Erkak ekstremistik tashkilotni targ‘ib qilish uchun sakkizta ijtimoiy tarmoqda (shu jumladan, Instagram’da) akkaunt yuritgan. Shuningdek, Afrikada quduq qazish loyihalariga e’tibor qaratuvchi xayriya tashkilotini qo‘llab-quvvatlash bahonasida taxminan 620 ming birlik USDT virtual aktivini yig‘gan. Hibsga olish paytida bu mablag‘ning umumiy qiymati taxminan 952 million koreys vonini tashkil etgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, u to‘plangan mablag‘larning bir qismini BMT tomonidan terrorchi deb tan olingan KTJ (Katiba at-tavhid val-jihod) va HAMASga o‘tkazgan. Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bu miqdor 27 million von atrofida.
“HAMASga o‘tkazilgan mablag‘lar miqdorining aniqlanishi kamdan-kam uchraydigan holat. Ko‘proq mablag‘ berilgan bo‘lishi mumkin”, deb ta’kidladi politsiya vakili.
Aniqlanishicha, erkak Instagram’da “Alloh yo‘lida jihod, muqaddas urushni birgalikda olib boraylik” kabi ko‘plab ekstremistik chaqiriqlarni joylashtirgan. Bundan tashqari, u xayriya mablag‘larini jalb qilish uchun ichki va xalqaro bank hisoblari hamda kredit karta to‘lovlari havolalarini ulashgan.
Shuningdek, o‘z millati vakillaridan bevosita mablag‘ yig‘ish maqsadida Geonggi mintaqasida futbol klubini tashkil etgan. Futbol klubi orqali yig‘ilgan mablag‘lar hozircha aniqlanmagan.
Erkak Janubiy Koreyaga 2018 yilda talaba vizasi bilan borgan, keyinchalik o‘qishni tashlab ketgan va 2023 yilning martidan beri qochqin maqomini so‘rab murojaat qilgan. U hibsga olingunga qadar qochqin maqomini olish uchun 11 marta murojaat qilgan, ammo rad etilgan.
“Qochqin maqomini so‘rab berilgan arizalarni ko‘rib chiqish odatda uch oy davom etadi. Taxminlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik erkak Koreya hududiga ariza berish davrida viza muddatini uzaytirish imkoniyatidan foydalanib kirgan”, deydi politsiya vakili.
Erkak ilgari O‘zbekistonda ham terrorchilik mablag‘larini moliyalashtirishda ayblanib, mahalliy qidiruvda bo‘lgan. O‘zbekiston elchixonasi uning pasportini bekor qilib, Koreya politsiyasidan uni hibsga olishni so‘ragan.
Politsiya ning joylashgan manzilini kuzatuv kamerasi va moliyaviy tranzaksiyalar orqali aniqlab, 16 oktyabr kuni Anseongdagi yotoqxonada hibsga olgan. Hibs vaqtida sakkizta mobil telefon va bir noutbuk musodara qilingan, ulardan oltitasi ustida sud-tibbiy ekspertizasi olib borilmoqda.
Politsiya o‘zbekistonlik erkak Koreyada yashagan davrida qo‘shimcha kriptoaktivlar yoki naqd mablag‘ to‘plaganmi va uning hamkorlari bo‘lgan yoki yo‘qligini o‘rganmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Bishkekdagi savdo markazlarida teraktlar uyushtirish bilan tahdid qilgan shaxsni qo‘lga olgandi.
Live
Barchasi