Shavkat Mirziyoyev Koreyadagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi
Jamiyat
−
17:47 344 2 daqiqa
Bugun, 15 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida ushbu mamlakatda mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, norasmiy muhitda o‘tgan samimiy suhbat davomida Yangi O‘zbekistondagi islohotlarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar va ularni hayotga faol tatbiq etishga o‘zbekistonliklar qo‘shayotgan hissasi muhokama qilingan.

Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida iqtisodiyot, ilm-fan va ta’lim sohalaridagi aloqalarni kengaytirishga qaratilgan bir qator ilg‘or takliflarni ilgari surgan.

Milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va davlat boshqaruviga sun’iy intellekt hamda Koreyaning raqamli texnologiyalarini integratsiya qilish, tibbiyot, transport, bojxona va turizm sohalarida innovatsion yechimlarni ilgari surish, milliy to‘lov tizimlari va pul o‘tkazmalari platformalarini jadal rivojlantirish hamda axborot texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha aniq takliflar bildirilgan. Xususan, Koreya Respublikasida O‘zbekiston madaniy markazlari tarmog‘ini kengaytirish, o‘zbek tilini o‘rganish dasturlarini rivojlantirish, ikki mamlakat hududida turli madaniy tadbirlarni o‘tkazish hamda o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalarini koreys tiliga tarjima qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Davlat rahbari mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga qo‘shayotgan salmoqli hissasi uchun o‘zbekistonliklarga minnatdorlik bildirib, ularning har bir tashabbusi batafsil o‘rganilishini, eng muhim loyihalar har tomonlama amaliy qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidlagan.

O‘zbekiston yetakchisi uchrashuvda qatnashgan professorlar, tadbirkorlar, faollar va talabalarga o‘qishda va kasbiy faoliyatda muvaffaqiyatlar tilab, davlat ular bilan muloqotga doimo ochiqligi, ularning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga tayyorligini alohida qayd etgan.

O‘z navbatida, uchrashuv ishtirokchilari Prezidentga yoshlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va orzu-niyatlarni ro‘yobga chiqarish uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar uchun samimiy minnatdorlik bildirib, o‘z bilim va g‘ayratini mamlakat farovonligi va ravnaqi yo‘lida safarbar etishga hamisha tayyor ekanligini aytgan.
Live
Barchasi