Konstitutsiyaga yangi modda kiritiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26 va 41-moddasiga o‘zgartirish kiritish hamda 37-1-moddani qo‘shish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Konstitutsiyaviy komissiya matbuot kotibi Odiljon Tojiyev ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, loyiha yuzasidan o‘tkazilgan umumxalq muhokamasida kelib tushgan takliflar asosida qonun loyihasiga yana bir qancha yangi normalar kiritilishi nazarda tutilmoqda. Xususan, Konstitutsiyaning 26-moddasiga bunday qism qo‘shilishi ko‘rib chiqilmoqda:

“Shaxsning o‘z aybini tan olishi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas”.

Shu yo‘sinda yana bir qator moddalarni ham yangilash, ularga qo‘shimcha normalar kiritish rejalashtirilmoqda. Jumladan, quyidagicha 37-1-moddasi kiritilmoqda:

“Davlat fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish va kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘radi.
Davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash uchun ularning kasbiy tayyorgarligi hamda qayta tayyorlanishini tashkil etadi va rag‘batlantiradi”.

Bosh qomusning 41-moddasiga quyidagicha o‘zgartirish kiritiladi:

“Davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarining rivojlantirilishini ta’minlaydi”.

Tojiyevning qayd etishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitalari, Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari, ekspertlar guruhlarida fuqarolardan kelib tushgan har bir taklif yuzasidan qizg‘in bahs-munozaralar davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 iyun kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi. Qonunchilik palatasida shuningdek, qonun loyihasini umumxalq muhokamasiga qo‘yish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. 

Bundan tashqari, o‘tkazilgan umumxalq muhokamasi natijasiga ko‘ra, tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yilishi ma’lumot uchun qabul qilingan.

Biroq iyul oyi boshida Qoraqalpog‘istonda yuz bergan namoyishlar sabab O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Konstitutsiyaviy qonun loyihasining muhokamasi tugash muddati – 5 iyuldan 15 iyulgacha uzaytirilildi.

Keyinroq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining joriy yil 15 iyul kuni o‘tkazilgan majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasining muddatini 2022 yil 1 avgustgacha uzaytirish haqida qaror qabul qilingan edi. 1 avgust kuni umumxalq muhokamasi yakunlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Konstitutsiya

Baholaganlar

302

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing