Kongoning sobiq prezidenti o‘limga hukm qilindi
Olam
−
02 Oktabr 5700 2 daqiqa
Kongoning sobiq prezidenti Jozef Kabila davlatga xiyonat qilishda aybdor deb topilib, o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Le Figaro” xabar berdi.
54 yoshli Kabila Ruanda tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan hukumatga qarshi qurolli guruh – “23 mart harakati” (M23) bilan hamkorlik qilganlikda ayblangan.
U sud jarayonida qatnashmagan va advokatlari ham bo‘lmagan. Hukm uning mamlakatga qaytganidan keyin e’lon qilingan, bu esa Kinshasada hukumat tashvishiga sabab bo‘lgan.
May oyida hukumat tashabbusi bilan Kabilaning umrbod senatorlik vakolati bekor qilingan, iyulda esa sud jarayoni boshlangan. Uning hozirgi manzili oshkor etilmagan. Mutaxassislarning fikricha, hukmga qaramay, Kabilaning hibsga olinishi ehtimoli past.
2024 yilda o‘lim jazosi bo‘yicha moratoriy bekor qilingan bo‘lsa-da, hozirgacha mamlakatda qatl etish amalda qo‘llanmagan. Qaror ustidan faqat protsessual asoslarda, ish mohiyatini qayta ko‘rib chiqmasdan, sudga shikoyat qilish mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kabila may oyida M23 nazoratidagi Shimoliy Kivu viloyatining ma’muriy markazi Goma shahrida bo‘lgan. M23 2012 yilda general Loran Nkunda boshchiligidagi “Xalqni himoya qilish milliy kongressi” bazasida tuzilgan bo‘lib, o‘z vazifasini tutsi etnik ozchiligini himoya qilish deb biladi. 2022 yilda u yana harbiy harakatlarga kirishdi va 2025 yil yanvarida Gomani egallab oldi. Shu voqealardan so‘ng, Kongo hukumati Ruanda bilan diplomatik munosabatlarni uzgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Tan Jenszyan pora olgani uchun ikki yillik muhlat bilan o‘lim jazosiga hukm qilingandi. Bunday qaror mamlakat shimoli-sharqidagi Szilin provinsiyasining Chanchun shahri oraliq xalq sudi tomonidan qabul qilingan. Tan ham umrbod siyosiy huquqlaridan mahrum qilingan. Uning barcha shaxsiy mulki, shuningdek, noqonuniy daromadlari davlat tomonidan musodara qilingan.
Live
BarchasiRossiyada o‘z chaqalog‘ini tashlab, qochib ketgan ayol bolasi bilan O‘zbekistonga qaytarildi
26 dekabr
Shavkat Mirziyoyev o‘zining oldingi va rahbarlarning hozirgi maoshida katta farq borligini aytdi
26 dekabr