Xitoyda sobiq vazir shartli o‘lim jazosiga hukm qilindi
Olam
−
29 Sentabr 7997 2 daqiqa
Xitoyning sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Tan Jenszyan 29 sentyabr kuni pora olgani uchun ikki yillik muhlat bilan o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Sinxua” xabar berdi.
Bunday qaror mamlakat shimoli-sharqidagi Szilin provinsiyasining Chanchun shahri oraliq xalq sudi tomonidan qabul qilindi. Tan ham umrbod siyosiy huquqlaridan mahrum qilindi. Uning barcha shaxsiy mulki, shuningdek, noqonuniy daromadlari davlat tomonidan musodara qilindi.
Aniqlanishicha, sobiq vazir 2007-2024 yillarda ham markaziy, ham mahalliy darajada turli lavozimlarni egallab, tadbirkorlik faoliyati, shartnomalar tuzish, kadrlar bilan bog‘liq masalalarda tashkilotlar va jismoniy shaxslarga yordam berish evaziga pora olgan. Poralarning umumiy miqdori 268 million yuandan (taxminan 38 million dollar) oshgan.
25 iyul kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida sobiq amaldor o‘z aybiga iqror bo‘ldi va so‘nggi so‘zida pushaymonligini bildirdi. Sud buni inobatga olib, ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan o‘lim jazosini tayinladi.
Tan Xitoy janubidagi Guansi-Chjuan muxtor tumani xalq hukumati raisining o‘rinbosari va Xitoy shimoli-g‘arbidagi Gansu provinsiyasi xalq hukumati raisi kabi lavozimlarda ishlagan. Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining partiya yetakchilik guruhi kotibi lavozimida ham ishlagan.
Joriy yilning aprel oyida unga nisbatan ayblov e’lon qilingan edi. Ish Chanchun xalq prokuraturasi tomonidan qo‘zg‘atilgan. O‘tgan yilning noyabr oyida Tan Xitoy Kommunistik partiyasidan chiqarib yuborilgan va dekabr oyida hibsga olingan.
Muddat o‘lim jazosi faqat shu vaqt ichida mahkum yangi jinoyat sodir etgan taqdirdagina amalga oshirilishini bildiradi. Hukm muddati tugagach, o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosiga almashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy sudida poraxo‘rlik jinoyati uchun mansabdor shaxs o‘lim jazosiga hukm qilingandi, biroq hukm ijrosi ikki yilga kechiktirilgandi. Ayblanuvchi noqonuniy tarzda 15 million dollardan ortiq mablag‘ olgan.
Live
Barchasi