Konditsionerdan tortib telefongacha – maxsus shifoxonada virusdan davolnayotganlar uchun sharoit qanday?
Jamiyat
−
11 aprel 2020
8227Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida maxsus karantin zona va shifoxona qurish ishlari boshlangani va bir necha kunda foydalanishga topshirilishi haqida xabar bergan edik.
Joriy yilning 27 mart kuni Yuqorichirchiqda qurilayotgan karantin zonasining dastlabki lotlari qurilib foydalanishga topshirildi.
Bugunga kelib ushbu maxsus shifoxonlarda yaratilgan sharoitlar talab darajasida emasligi haqida turli ijtimoiy tarmoqlarda aytilyapti. Bu qay darajada to‘g‘ri?
“Bu ob’ekt o‘ta qisqa muddatlarda barpo etildi. U yerda vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarga barcha shart-sharoitlar yaratib berishga harakat qilindi. Albatta, birdaniga ideal shart-sharoit qilinmagan bo‘lishi mumkin. U yerdagi odamlarni kam sonli qilib alohidalash, yashash va ovqatlanish sharoitlarini qilib berish osonlikcha amalga oshirilmayapti”, dedi ushbu masalaga oydinlik kiritar ekan Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov.
Otabekovning ta’kidlashicha, bemorlar yashayotgan vagonlarda hojatxona, konditsioner, “Uzmobayl” telefonlari o‘rnatilgan. Ovqatlanishlari uchun bir marotabalik idishlar tashkil qilingan. Ishlatib bo‘lingan idishlar va ovqat qoldiqlari maxsus krimatoriylarda yoqib tashlanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahar hokimi qariyib har kuni ushbu shaharchaga borib, fuqarolarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishmoqda va mavjud yoki yuzaga kelgan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar soni 729 nafarga yetdi. Bugungacha kasallanganlarning 42 nafari davolangan, 3 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi