Komilovning o‘g‘liga tegishli kompaniya Chinoz neftni qayta ishlash zavodini ham sotib oldi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri, Prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga tegishli kompaniya “Chinoz neftni qayta ishlash zavodi” MCHJni sotib oldi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu zavodning xaridori “Petroleum Technology Group” MCHJ hisoblanadi. Mazkur kompaniya esa Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga tegishli. 

2016 yilda ishga tushirilgan Chinoz neftni qayta ishlash zavodi 2022 yilda sotuvga chiqarilgan edi. 2023 yil boshida xaridorlardan takliflar qabul qilingan. 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xususiylashtirishning keyingi taqdiri haqida boshqa axborot taqdim etmagan.

Zavod yiliga 120 ming tonna xomashyoni qayta ishlash quvvatiga ega. Ayni paytda u yerda bozor talablaridan kelib chiqqan holda AI-92 markali yuqori oktanli benzin ishlab chiqarish texnologiyasi ishlab chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zbekneftgaz”ning 78 ta avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarini nazorat qiluvchi “UNG Petro” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 100 foizlik ulushi ham Doniyor Komilov 100 foiz hissadori bo‘lgan “Petroleum Technology Group” MCHJga o‘tgandi. 

Biroq, “O‘zbekneftgaz” mazkur MCHJning qachon va qanchaga sotilganiga aniqlik kiritmagan.

Shuni qayd etish joizki, Doniyor Komilov ta’sischiligidagi kompaniya poytaxt markazidagi Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq binosini  ham sotib olgan edi. O‘shanda ushbu ma’muriy bino Moddiy-madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatida edi. Hozirda eski bino o‘rnida mehmonxona qurilmoqda. 

Ma’lumot uchun, Doniyor Komilov Rossiya fuqarosi hisoblanadi. U Rossiyadagi bir nechta yirik kompaniyalarda ulushlarga ega, shuningdek, o‘tgan yili Ural kon-metallurgiya kompaniyasining ham benefitsiar egasiga aylangan.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Komilov Doniyor Komilov Chinoz neftni qayta ishlash zavodi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing