Komilov O‘zbekiston Afg‘oniston bilan qanday munosabatlar o‘rnatmoqchiligini aytdi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Kecha, 8 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg‘oniston bo‘yicha videokonferensaloqa shaklidagi vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi.

AQSH Davlat departamenti va Germaniya Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan yig‘ilishda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlarining tashqi siyosiy idoralari rahbarlari hamda BMT, Yevropa Ittifoqi va NATO vakillari qatnashdi.

Yig‘ilishda Komilov O‘zbekiston Afg‘oniston bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlab qolish, betaraflik va qo‘shni davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zbekiston TIV rahbari o‘z nutqida Afg‘oniston uchun mojarolardan keyingi strategiyani ishlab chiqish, jumladan, uning iqtisodiyotini tiklash, mamlakatni mintaqaviy integratsion jarayonlarga jalb qilish, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Bundan tashqari, Tadbirda Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, Afg‘oniston inqirozini hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish va mamlakat aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.

Asosiy inson huquq va erkinliklariga rioya qilish, xususan, ayollar va milliy ozchiliklar huquqlarini ta’minlash, Afg‘oniston hududida terroristik tashkilotlar faoliyat yuritishini oldini olish borasidagi “Tolibon”ning majburiyatlarini bajarishi muhimligi qayd etildi.

Avvalroq, O‘zbekiston Afg‘onistonda yangi hukumat tuzilganini olqishlagani haqida xabar bergan edik. Unda rasmiy Toshkent Afg‘onistonning yangi davlat idoralari bilan konstruktiv muloqot va amaliy o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekani qayd etilgandi.

Bunga javoban “Tolibon” vakili harakat qo‘shnilar, shu jumladan mintaqaviy davlatlar va xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro hurmat, umumiy manfaatlar, hamkorlik va diplomatiya me’yorlariga asoslangan samimiy munosabatlar qurish istagida ekanini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Komilov Tolibon

Baholaganlar

135

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing