Komil Allamjonov xalqaro tashkilotlarga LGBT bo‘yicha murojaat bilan chiqdi
Jamiyat
−
30 mart 2021
17375Xorijiy tashkilotlar O‘zbekiston yoki boshqa har qanday davlatga biror talab qo‘yishdan oldin millatning mentaliteti, dini, madaniyati, urf-odatlarini inobatga olishi kerak. Bu haqda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi so‘nggi vaqtlarda muhokama markazida bo‘lib kelayotgan LGBT masalasi bo‘yicha murojaatida aytib o‘tdi.
“Albatta, inson huquqlari muhim masala va har bir fuqaro yurish-turishidan qati nazar, davlat himoyasida bo‘ladi. Lekin asosiy qismini musulmonlar tashkil etgan bizning yurtda g‘ayritabiiy erkak va ayollarni jamiyat qabul qilmaydi! Muqaddas Islom dinimiz, madaniyatimiz bunga yo‘l qo‘ymaydi.
Mana, Bozorov misolini olaylik, o‘ylab-o‘ylamay gapirishning o‘zi qanday oqibatlarga olib keldi?! Aslida, bizniki kabi davlatlarda besoqolbozlikka qarshi qonunlar yengillashtirilsa ham jamiyat buni qabul qilmaydi va bu quruq qog‘ozda qolib ketaveradi. Chunki, jazo bekor qilinib, bunday toifalar bemalol ko‘cha-ko‘yda o‘zini ko‘rsata boshlasa, “samosud”lar ko‘payib ketishi mumkin. Rasmiy jazo belgilanmagan taqdirda ham, musulmonlardan iborat jamiyat ularni baribir qo‘ymaydi. O‘z o‘zidan kichik betartibliklar katta muammolarni keltirib chiqaradi. Shuning o‘zi hamma savolga javob bo‘lishi kerak!” deydi Allamjonov.
Shuningdek, Mass-media fondi raisi barcha ommaviy axborot vositalari va blogerlarni LGBT mavzusini tinimsiz yoritishni to‘xtatishga chaqirgan:
“O‘rni kelganda, barcha ommaviy axborot vositalari, blogerlarni LGBT mavzusini tinimsiz yoritishni to‘xtatishga chaqiraman. Bu masalaning hadeb muhokama qilinishi odamlarning etini o‘ldiradi. O‘ta yoqimsiz mavzuni oddiy holdek qabul qila boshlaymiz, bu ketishda. Aslida, bunaqa gaplar odam eshitganda seskanadigan darajada kam quloqqa chalinishi kerak.
Ommaviy muhokama kimlarningdir (ayniqsa, ruhiyati to‘liq shakllanmagan o‘smir-yoshlarning) beixtiyor qiziqishini oshiradi. Natijada, ushbu yaramas holat jamiyat ongiga kishi bilmas singdiriladi. Aqlni ishlataylik, provokatsiyalarga berilmaylik”.
Komil Allamjonov demokratiya mavzusiga to‘xtalib, uning tub ma’nosi qanday ekani va bo‘lib o‘tgan voqealarning sababchilari – blogerlar jazolanishini so‘radi.
“Demokratiya so‘zining tub ma’nosi – xalq hokimiyati, degani. Modomiki, xalqning asosiy qismi nimagadir qarshi ekan, demak, uning xohish-tanlovini inobatga olish shart, ana shu — demokratiya!
Kuni-kecha bo‘lib o‘tgan voqealarning sababchilari – blogerlar faoliyatiga AOKA qonuniy baho berishi va qonunni buzgan barchaga jazo qo‘llanilishi zarur. Men har qanday noqonuniy namoyishlar hamda bezorilikni keskin qoralayman”, deydi Mass-media fondi raisi.
Avvalroq, Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti rasmiy Toshkentga mamlakat Jinoyat kodeksidan 120-modda – besoqolbozlikni chiqarib tashlash va jinoiy javobgarlikni bekor qilishni so‘rab murojaat bilan chiqqandi.
Shundan so‘ng, bu masala kun tartibiga chiqdi va ayni vaqtda keng jamoatchilik tomonidn qizg‘in muhokama qilinyapti. Besoqolbozlik bo‘yicha Human Rights Watch so‘roviga deputat Rasul Kusherboyev va Islom sivilizatsiyasi markazi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Abror Muxtor Aliy, taniqli olim Mubashshir Ahmad ham munosabat bildirdi. Ular besoqolbozlikka oid moddaning jinoyat kodeksidan chiqarib yuborilishi ham siyosiy, ham diniy yo‘qotishlarga sabab bo‘lishini urg‘ulagandi.
Joriy yilning 28 mart kuni Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida mamlakatda besoqolbozlikni qo‘llab-quvvatlayotgan shaxslar va ularning g‘oyalariga qarshi namoyish o‘tkazildi.
Keyinchalik Toshkent shahar IIBB “Skver”dagi namoyishda 12 kishi hibsga olingani haqida xabar berdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda LGBT huquqlarini himoya qilayotgan Miraziz Bozorov o‘lasi qilib do‘pposlandi.
Shundan so‘ng AQSH elchisi Bozorovning do‘pposlanishini surishtirishni so‘radi. Uning ortidan Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Tim Torlot Toshkentda besoqolbozlik – LGBT g‘oyalarini himoya qilib kelayotgan bloger Miraziz Bozorovning kaltaklanganiga munosabat bildirdi.
LiveBarchasi