“Kolya Qirg‘iz”ga aloqador tadbirkorlar qo‘lga olindi

Olam

image

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi uyushgan jinoiy guruhning marhum rahbari Qamchi Ko‘lboyev (“Kolya Qirg‘iz”)ga aloqador tadbirkorlarni qo‘lga oldi. Bu haqda boshqarma matbuot markazi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchilar "qonundagi o‘g‘ri" deb atalgan “Kolya Qirg‘iz” homiyligidan foydalanib, rossiyalik investorlarning pullarini aldov yo‘li bilan o‘zlashtirib olgan.

2018 yilda Rossiya fuqarosi “Ayseo” MCHJ bilan strategik hamkorlik shartnomasi doirasida Issiqko‘lda kottejlar qurilishiga 14 million dollar sarmoya kiritgan.

“Ammo, Issiqko‘l viloyatining Korumdu qishlog‘ida shaharcha qurilgach, gumonlanuvchilar Qamchi Ko‘lboyevning jinoiy aloqalaridan foydalanib, jismoniy zo‘ravonlik bilan tahdid qilib, investorning mol-mulki va pullarini egallab olgan va Qirg‘izistondan chiqib ketishga majbur qilishgan”, deyiladi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining axborotida.

Hozirda “Ayseo” MCHJning ikki egasi va bosh hisobchisi qo‘lga olinib, tergov davom ettirilayotgani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni qirg‘izistonlik kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (“Kolya Qirg‘iz”) Bishkekda qo‘lga olinayotganda mamlakat Milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgandi. Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev To‘qmoq shahrida qo‘mitaning yangi binosi ochilishida qatnashib, jinoyatchilarga qarata “bittasi bosh ko‘tarsa, o‘sha boshni chopishi”ni aytgandi. Shundan so‘ng Qamchibek Qo‘lboyev va Bojxona xizmati rahbarining sobiq o‘rinbosari Rayimbek Matraimov boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruhga aloqador 180 dan ortiq mansabdor lavozimidan bo‘shatildi. Qirg‘izistonlik taniqli tadbirkor, Markaziy univermag (SUM) rahbari Anvar Gabbazov (hozirgi Mametov) xalqaro qidiruvga berildi. “Kolya Qirg‘iz”ga aloqadorlikda gumonlanib, “Ittipak” uyg‘ur diasporasi yetakchisi va Bishkekdagi “Madina” bozori asoschisi Tursuntoy Salimov hibsga olindi, uning o‘g‘li Ilshat esa qidiruvga berildi. Qirg‘iziston Jogorku Kenesh (parlament)ining sobiq deputati Boris Sanning o‘g‘li Aleksandr San ham qo‘lga olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Kolya Qirg'iz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing