Kolumbiya Yevropani Rossiyaga qaramlikdan qutqarmoqchi

Olam

image

Kolumbiya Ukrainadagi urush sabab Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar tufayli G‘arb davlatlarida yuzaga kelgan energiya resurslari tanqisligini qoplashda markaziy rol o‘ynamoqchi. Bu haqda Kolumbiya Prezidenti Ivan Duke CNN telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Shimoliy Amerika va Yevropa davlatlari haqida gapirar ekan, Duke ular endi Rossiyadan energiya ta’minotiga tayana olmasligini aniq bilishlariga e’tibor qaratgan.

“Kolumbiya bu muammoni hal qilishga hissa qo‘sha oladimi?” degan ritorik savolni berib, Kolumbiya Prezidenti: “Javob ha”, deya davom etgan.

Shu bilan birga Ivan Duke Bogota ishlab chiqarishni ko‘paytirishga tayyor bo‘lgan uchta sohani sanab o‘tgan: an’anaviy neft va gaz qazib olish, ko‘mir va toza vodorod kabi qayta tiklanadigan energiya manbalari.

Dunyodagi eng yirik ko‘mir zahiralariga ega Kolumbiya Germaniyaga mahsulot yetkazib berish hajmini oshiradi, degan yaqinda Germaniya kansleri Olaf Shols bilan muzokara o‘tkazgan Ivan Duke.

Bundan tashqari, Duke AQSH Prezidenti Jo Baydening Rossiyaning Ukrainadagi xatti-harakatlarini genotsid deb hisoblash mumkinligi haqidagi fikriga qo‘shildi. 

“Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar genotsiddir. Va buni to‘xtatish kerak... Bu aqldan ozish”, deya ta’kidlagan Duke.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden Ayovadagi nutqidagi Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini genotsid deb atagandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

34

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing