KXSHTdan chiqish oqibatlari davlat siri hisoblanadi – Armaniston
Olam
−
05 mart
6159Armaniston hali Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan (KXSHT) chiqmagan, tashkilotdan chiqishning ehtimoliy oqibatlari esa davlat siri hisoblanadi. Bu haqda respublika Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, general-leytenant Edvard Asryan brifingda ma’lum qildi.
“Biz hali KXSHTni tark etganimiz yo‘q, savolingizning davomi sirni o‘z ichiga oladi”, degan u jurnalistning KXSHTdan chiqishning ehtimoliy oqibatlari haqidagi savoliga javob berar ekan.
Shuningdek, Asryan Rossiya qurol-yarog‘ yetkazib berilishiga izoh berishdan bosh tortdi va bu jarayon ham davlat siri ekanini ta’kidladi.
Qayd etish joizki, so‘nggi paytlarda Armaniston rasmiylari Rossiya haqida bir necha bor tanqidiy bayonotlar bilan chiqdi, Yerevan ba’zi integratsiya formatlaridagi uchrashuvlarni o‘tkazib yubordi. Xususan, mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan Minskdagi KXSHT sammitida ishtirok etmadi, shuningdek, respublika ushbu tashkilotdagi ishtirokini to‘xtatganini ma’lum qildi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Yerevanning KXSHT tadbirlaridagi ishtiroki dinamikasi pasayganini, bu do‘st arman xalqi manfaatlariga javob bermasligini ta’kidladi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Moskva Yerevandan majburiyatlarni bajarish va qo‘shma integratsiya tuzilmalarida, jumladan KXSHTda ishtirok etish bo‘yicha javob olishga umid qilmoqda. Shu bilan birga, Yerevanning Rossiya Federatsiyasi bilan yaqinlashish bo‘yicha dastlab qabul qilingan kursning xato bo‘lgani haqidagi bayonotlari ikki tomonlama munosabatlarni jiddiy qayta ko‘rib chiqishga olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Armaniston parlamenti spikeri Alen Simonyan mamlakat Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni chuqurlashtirishga va YeI a’zoligiga nomzod bo‘lishga tayyor ekanini aytgandi.
LiveBarchasi