KXDR Janubiy Koreya tomon 200 ga yaqin artilleriya o‘qlarini otdi

Olam

image

Shimoliy Koreya qirg‘oq artilleriyasi Sariq dengizda joylashgan Yonpxyondo va Pennyondo orollari tomon 200 dan ortiq o‘q otdi. Bu haqda Koreya Respublikasi Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasiga tayanib, “Yonhap” agentligi xabar berdi.

Qo‘mitaning ta’kidlashicha, otishma mahalliy vaqt bilan taxminan 09:00 dan 11:00 gacha sodir bo‘lgan. Janubiy koreyalik tinch aholi va harbiy xizmatchilar orasida qurbonlar yo‘q. Snaryadlar Seul de-fakto dengiz chegarasi deb hisoblagan shimoliy demarkatsiya chizig‘idan shimolga tushgan. Hech kim jabrlanmagan.

Shunga qaramasdan, Janubiy Koreya hukumati Yonpxyondo oroli aholisi evakuatsiya qilinishini e’lon qilgan. 

"Biz harbiylardan Shimoliy Koreya provokatsiyasi bilan bog‘liq vaziyat haqida xabar oldik, shundan so‘ng evakuatsiya jarayonini boshladik", deydi mahalliy ma’muriyat vakili.

“Associated Press” Janubiy Koreya rasmiylariga tayanib, KXDR snaryadlarni mashg‘ulotlar doirasida otganini yozdi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreya ham shunday mashg‘ulotlar o‘tkazishni rejalashtirgan.

"Biz Shimoliy Koreya inqirozli vaziyatning o‘sishi uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi haqida ogohlantiramiz, biz uni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilamiz", deydi Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi matbuot kotibi Li Sung Jung. 

Uning aytishicha, Janubiy Koreya harbiylari AQSH bilan hamkorlikda Shimoliy Koreyaning faoliyatini kuzatib boradi.

“Yonhap” agentligiga ko‘ra, Janubiy Koreya harbiylari “hozirgi o‘q otish amaliyoti”ni provokatsiya deb hisoblagan, chunki snaryadlar 2018 yil 19 sentyabrdagi Koreyalararo kelishuv bilan belgilangan bufer zonaga tushgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 28 dekabr kuni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In armiya va mudofaa sanoatiga ehtimoliy urushga tayyorgarlik ko‘rish sa’y-harakatlarini kuchaytirishni buyurgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya Shimoliy Koreya Sariq dengiz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing