KXDR Yapon dengiziga sakkizta raketa uchirdi 

Olam

image

Bugun, 5 iyun kuni Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon sakkizta qisqa masofali ballistik raketa uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi xabar berdi

“Janubiy Koreya armiyasi bugun, 5 iyun kuni soat 9:08 dan 9:43 ga qadar Shimoliy Koreya tomonidan Pxenyandagi Sunan aeroporti hududidan va boshqa joylardan sakkizta qisqa masofali ballistik raketalarning uchirilishini qayd etdi”, deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, Janubiy Koreya harbiylari AQSH bilan hamkorlikda mudofaa shayligini saqlab, voqealar rivojini kuzatib boradi.

Yaponiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, snaryadlar 300 dan 400 kilometrgacha uchib, maksimal balandligi 50 dan 100 kilometrgacha yetgan.

Aytish joizki, bu Shimoliy Koreyaning joriy yil boshidan beri o‘tkazgan 18-raketa sinovi hisoblanadi. 

Oxirgi marotaba joriy yilning 25 may kuni Shimoliy Koreya Yapon dengiziga uchta ballistik raketa uchirgan. Janubiy Koreya harbiylariga ko‘ra, ulardan biri qit’alararo, qolgan ikkitasi esa qisqa masofali ballistik raketalar bo‘lgan. Shu bilan birga, bitta qisqa masofali raketaning uchirilishi muvaffaqiyatsiz tugagan. Pxenyanning sinovlariga javoban Janubiy Koreya va Amerika Yapon dengizi tomon ikkita raketa uchirgan.


Maqola muallifi

Teglar

KXDR

Baholaganlar

331

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing