KXDR Rossiyani qo‘llash uchun Ukrainaga qo‘shin yuborishi mumkin – Seul
Olam
−
08 Oktabr
9468Shimoliy Koreya Rossiyani qo‘llab-quvvatlash uchun o‘zining muntazam qurolli kuchlari a’zolarini Ukrainaga joylashtirishi mumkin. Bu haqda Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Kim Yon Xyon parlamentning audit sessiyasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Shimoliy Koreya Rossiya bilan aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda. Rossiyani qo‘llab-quvvatlash esa Kim Chen In va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida iyun oyida bo‘lib o‘tgan sammitda imzolangan o‘zaro mudofaa shartnomasi bilan tasdiqlangan.
“Rossiya va Shimoliy Koreya harbiy ittifoqqa o‘xshash o‘zaro shartnoma imzolagani sababli bunday joylashtirish ehtimoli juda yuqori,” dedi Janubiy Koreya Mudofaa vaziri.
Bundan tashqari, u Shimoliy Koreya qo‘shinlari Ukraina sharqidagi Donetsk shahri yaqinidagi Rossiya tomonidan bosib olingan hududda halok bo‘lgani haqidagi hisobotning ham haqiqat bo‘lishi ehtimoldan yiroq emasligini aytgan. Unga ko‘ra, o‘tgan hafta Ukraina nashrlari razvedka manbalariga tayanib, 3 oktyabr kuni Ukrainaning raketa zarbasi oqibatida olti nafar Shimoliy Koreya ofitseri halok bo‘lgani va yana uch nafari yaralangani haqida xabar bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya Rossiyaga yiliga taxminan 3 million dona snaryad yetkazib berayotgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi