KXDR AQSH saylovlari oldidan dengiz tomon ballistik raketalar uchirdi
Olam
−
05 noyabr
2511Bugun, 5 noyabr kuni Shimoliy Koreya Sharqiy dengiz tomon bir nechta qisqa masofali ballistik raketalarni uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya harbiylariga tayangan holda ABC News xabar berdi.
Qayd etilishicha, qurollar namoyishi AQSHdagi prezidentlik saylovidan bir necha soat oldin boshlangan.
Janubiy Koreya shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasining xabar berishicha, raketalar 250 milya masofani bosib o‘tgan, biroq ularning qanchasi havoga otilganiga aniqlik kiritilmagan. Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isiba esa ular mamlakatning eksklyuziv iqtisodiy zonasi tashqarisidagi yerlarga qo‘ngani va hozircha zarar haqida xabar yo‘qligini aytgan.
Ushbu holat Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In AQSH materigiga yetib borish uchun mo‘ljallangan mamlakatning eng yangi qit’alararo ballistik raketasining parvoz sinovini nazorat qilganidan bir necha kun o‘tib amalga oshirilgan. Unga javoban Qo‘shma Shtatlar 3 noyabr kuni Janubiy Koreya va Yaponiya bilan uch tomonlama mashg‘ulotlarda uzoq masofali B-1B qiruvchi samolyotini uchirgandi.
Janubiy Koreya rasmiylari Shimoliy Koreya Vashington e’tiborini tortish uchun AQSHdagi prezidentlik saylovlari atrofida o‘z harbiy namoyishlarini to‘plashi mumkinligini aytgan. Janubiy Koreya harbiy razvedka agentligi o‘tgan hafta Shimoliy Koreya ham yettinchi yadro sinoviga tayyorgarlikni yakunlagani haqida ma’lumot berdi.
Chet eldagi rasmiylar va tahlilchilarning fikricha, Shimoliy Koreya oxir-oqibat AQSHning yangi prezidenti saylanganidan keyin sanksiyalarni yumshatish kabi imtiyozlarga erishish uchun kengaytirilgan yadro arsenalidan foydalanishga umid qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Kim Chen In 2018-2019 yillarda yadroviy diplomatiya bilan shug‘ullangan Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Trampning g‘alaba qozonishini afzal ko‘rishi haqidagi fikrlar keng tarqalgandi. Kamola Harris bunga javoban Trampni qo‘llab-quvvatlayotgan Kim Chen In kabilarga ko‘z yumib ketmasligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 31 oktyabr kuni Janubiy Koreya va AQSH Mudofaa boshliqlari Shimoliy Koreyaning Rossiyaga qo‘shin kiritganini birgalikda qoralaganidan bir necha soat o‘tgach, Pxenyan Yapon dengizi tomon qit’alararo ballistik raketa uchirgandi.
Mohinur Karimova
LiveBarchasi