Kinolardagidek! Detroit shahri muzlab qoldi (video)
Olam
−
21 fevral 19444 3 daqiqa
AQSHning Michigan shtati Detroit shahri janubi-g‘arbida yuz bergan suv toshqinidan so‘ng kuzatilgan anomal sovuq oqibatida butun bir aholi punkti 1-1,5 metrgacha muz bilan qoplandi. Bu haqda “The Mirror US” xabar berdi.
Mahalliy aholiga ko‘ra, joriy yilning 17 fevral kuni ertalab 1930 yillarda o‘rnatilgan 54 dyum (137 sm) diametrli asosiy suv quvuri Bird ko‘chasi 1020-uy va Nort Grin ko‘chalari yaqinida yorilib, atrofdagi turar joy hududlariga suv toshib kirgan. Ba’zi joylarda suv 1,5 metrgacha yetib, avtomobillar suv ostida qolgan va yerto‘lalar to‘lgan. Biroq keyin keskin sovuq tushgan. Harorat -17 darajagacha pasayishi ortidan suv muzlab, butun shahar qalin muz ostida qolgan.
18 fevral kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Detroit meri Mayk Duggan vaziyatni tushuntirgan va qutqaruv ishlari yakunlanib, endi xizmat ko‘rsatish bosqichiga o‘tilayotganini ma’lum qilgan.
“Biz qutqaruv bosqichidan xizmat ko‘rsatish bosqichiga o‘tdik”, deydi Duggan.
Unga ko‘ra, qutqaruvchilar 63 nafar kattalar, 31 nafar bolalar va 13 ta uy hayvonini evakuatsiya qilgan.
“Planet Detroit” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 398 ta zarar ko‘rgan uy orasida 296 nafar fuqaro shahar tomonidan moliyalashtirilgan mehmonxonalarga joylashtirilgan, yana 72 ta uy esa elektr ta’minotisiz qolmoqda. O‘t o‘chiruvchilar rezina qayiqlar va hatto qurilish texnikasi yordamida 90 nafar odamni muzli suv ostida qolgan hududlardan olib chiqqan.
Detroit Suv va kanalizatsiya departamenti (DWSD) avariya oqibatlarini bartaraf etishga kirishgan. Ta’mirlash ishlari olti hafta davom etishi taxmin qilinmoqda. DWSD direktori Garri Braun halokatga nima sabab bo‘lgani haqida hozircha aniq xulosa chiqarish mumkin emasligini aytgan.
Bu vaqtda esa ijtimoiy tarmoqlarda Detroitning muzlagan qiyofasi global muhokamaga sabab bo‘lmoqda. “Detroit avval suv ostida qoldi, keyin muzga aylandi!” tarmoqlarda degan sarlavha bilan tarqalgan videorolik 10 milliondan ortiq tomosha qilingan.
Videoda muz qatlamlari ostida qolgan avtomobillar, muzga aylangan yo‘laklar, butunlay huvullagan aholi punktlari aks etgan.
Bir internet foydalanuvchisi “detroit biz ilgari bilmagan yangi ob-havo kombinatsiyasini ochdi”, deb yozgan bo‘lsa, boshqasi “men sakkiz yildan beri Shimoliy Ogayoda yashayman, lekin bunday narsani ko‘rmaganman”, deya hayrat bildirgan.
Biroq mahalliy aholi uchun bu voqea hazil emas. Detroit Edison kompaniyasining favqulodda issiqlik ta’mirini muvofiqlashtirayotgan ishchisi Reddit orqali shunday yozgan: “Bu ko‘ringanidan ham yomonroq va ko‘rinishining o‘zi dahshatli”.
Texnik xizmat ko‘rsatish guruhlari yerto‘lalardagi suvni chiqarish, isitish tizimlarini ta’mirlash va elektr ta’minotini tiklashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Biroq yuzlab oilalar uchun normal hayotga qaytish qachon amalga oshishi hozircha noma’lum.
Detroit muzlab qolgan bir paytda, kuchli qish bo‘roni sharqqa siljib, Jorjiya, Delaver va yana kamida 9 shtatda qor va muz ogohlantirishlari e’lon qilingan. Bu bo‘ron allaqachon Missurini 28 sm, Kanzasni 20 sm, Oklahomani esa 5 sm qorga ko‘mib tashlagan. Muzli yomg‘ir yo‘llarni qoplagan bo‘lib, avtomobil haydash imkoniyatini xavfli holga keltirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Istanbul shahrida 19-21 fevral kunlari kuchli qor yog‘ishi munosabati bilan Istanbul xalqaro aeroporti va Sabiha Go‘kchen aeroportlarida O‘zbekistondan va boshqa mamlakatlardan yuzlab aviareyslar bekor qilingan edi. Shuningdek, har ikki aeroportda ham parvoz ekipajlarining ish grafigi aviakompaniyalar tomonidan qayta ko‘rib chiqilgan, og‘ir ish jadvaliga ega ekipajlarga o‘zgartirishlar kiritilgan. Navbatchi ekipajlar soni oshirilgan va kerakli choralar aviakompaniyalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
Live
Barchasi