Kinematografiya agentligi Rustam Sa’diyevga nisbatan qonuniy javobgarlik talab qilishi mumkin

Madaniyat-san’at

image

Avval xabar berganimizdek, rejissiyor Rustam Sa’diyev “Baron 2. Sog‘inch” badiiy filmi uchun buyurtma puli berilmay kelayotgani sabab O‘zbekiston Kinematografiya agentligini keskin tanqid qilib, o‘zining Facebook sahifasida post yozgan edi.

Bugun, 21 fevral kuni esa uning bu murojaati yuzasidan Kinematografiya agentligi rasmiy munosabat bildirdi.

Munosabatda aytilishicha, Rustam Sa’diyevning murojaatida bildirilgan e’tiroz va da’volar 2023 yil 20 fevral kuni Kinematografiya agentligining doimiy faoliyat yuritadigan ekspertlar komissiyasining navbatdan tashqari yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan.

Kengashda qayd etilishicha, “LAST MEDIA” MCHJ tomonidan agentlikka berilgan sarf-xarajatlar smetasi keskin oshirib yuborilgan.

“Jumladan, ovoz yozish 160 daqiqaga yuqori ko‘rsatilgani, aslida smetaga 10 daqiqa kiritilgan bo‘lishi kerakligi, kamera va texnik uskunalarning smenalari soni oshib ketganligi, ijara ob’ektlarining nomi ishlab chiqarish jadvaliga to‘g‘ri kelmasligi va ijodkorlarga qo‘shimcha mukofot puli kiritilganligi aniqlangan. Shu bilan birga ekspertlar komissiyasi “Baron 2. Sog‘inch” badiiy filmi uchun “LAST MEDIA” MCHJ bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha yuridik xulosa berilishi haqida qaror qabul qilgan”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Qayd etilishicha, “Baron 2. Sog‘inch” badiiy filmining rejissyori Rustam Sa’diyevning taklifiga binoan, 2019 yil 1 oktyabrda Moskva shahrida “O‘zbekkino” Milliy agentligi va Ivan Arxipovning “Inferno” prodyuserlik markazi (Rossiya Federatsiyasi) o‘rtasida mazkur filmni birgalikda suratga olish bo‘yicha hamkorlik Memorandumi imzolangan. Agentlik badiiy kengashining 2019 yil 16 noyabrdagi 07/19-27-sonli majlisi qarorida ham filmni mazkur prodyuserlik markazi bilan hamkorlikda suratga olish belgilangan. Ivan Arxipovning “Inferno” prodyuserlik markazi 2022 yil 7 noyabrda “LAST MEDIA” MCHJga uchinchi shaxs sifatida ishonchnoma bergan.

“Baron 2. Sog‘inch” filmini ishlab chiqarish bo‘yicha Agentlik va Kompaniya (Ivan Arxipovning “Inferno” prodyuserlik markazi – Rossiya Federatsiyasi) o‘rtasida 2020 yil  14 martda tuzilgan 26-sonli shartnomaga muvofiq, Ekspertlar komissiyasi Kinematografiya agentligi tomonidan filmni qo‘shimcha moliyalashtirish uchun huquqiy asoslar yo‘qligi haqida qaror qabul qildi”, degan Kinematografiya agentligi. 

Komissiyaning navbatdan tashqari yig‘ilishida esa ushbu ko‘tarilgan masala yuqoridagi shartnomaga  muvofiq, Ivan Arxipovning “Inferno” prodyuserlik markazi tomonidan hal qilinishi lozimligi haqida qaror qabul qilingan. O‘z navbatida, Agentlik tomonidan “Inferno” kompaniyasiga masalani ijobiy hal qilish yuzasidan rasmiy xat yuborilgan.

“Yaqin kunlarda Agentlik qoshidagi Jamoatchilik kengashining Badiiy kengash a’zolari, Agentlik rahbariyati va Ekspertlar komissiyasi vakillari  bilan qo‘shma yig‘ilishida rejissyor Rustam Sa’diyev ishtirokida bu masalalar yana bir bor ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilgan”, deya qo‘shimcha qiladi agentlik. 

Kinematografiya agentligi o‘zining rasmiy munosabatiga yakun yasar ekan, rejissyor murojaatidagi agentlik rahbariyatiga nisbatan bildirilgan tanqidlarni "noo‘rin ayblovlar" deya atagan va emotsiyaga berilib shaxsning sha’ni, qadr-qimmati va obro‘sini kamsitishini qoralashini bildirgan.
“Buning uchun agentlik qonuniy javobgarlik talab qilish huquqiga ega ekanligini, inson qadr-qimmatini oyoq osti qilishga hech kimning haqi yo‘qligini ham eslatib o‘tadi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Rustam Sa'diev Kinematografiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing