Kinematografiya agentligiga milliy tarix bo‘yicha 50 ta asar yaratish topshirildi
Jamiyat
−
11 Oktabr 2023
3917O‘zbekiston Kinematografiya agentligiga o‘zbek milliy tarixi bo‘yicha kamida 50 ta badiiy, hujjatli va musiqali asarlar yaratish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Bu haqda bugun, 11 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatlarini to‘liq ishga solish hamda "Yashil makon" kuzgi mavsumini samarali tashkil etish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Aytilishicha, jahon amaliyotida turizm salohiyatini targ‘ib qilishda kino, serial va hujjatli filmlardan keng foydalanilmoqda.
Shuningdek, Prezident turizm ob’ektlarida sanitariya va ozodalikka e’tiborni yanada kuchaytirish lozimligini qayd etib, bu bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar bergan.
Yig‘ilishda soha kadrlarining salohiyatini oshirishga ham e’tibor qaratilgan. Turizm qo‘mitasiga “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti bilan birgalikda servis sifati hamda soha xodimlarining malaka va madaniyatini oshirish bo‘yicha o‘qitish tizimini yaratish topshirilgan. Bildirilishicha, bunda mehmonxona va restoran ishi bo‘yicha chetdan mutaxassislar taklif qilinib, har bir viloyatda o‘quv kurslari tashkil qilinadi.
Shuningdek, xushmuomala bo‘lish, tabassum qilish, ozodalik bo‘yicha qisqa hajmli ta’sirchan ijtimoiy videoroliklarni tayyorlab, barcha telekanallar, ijtimoiy tarmoqlar va ekranlarda muntazam ko‘rsatib borish muhimligi ta’kidlangan.
LiveBarchasi