Kim Chen In urushda Rossiyaga yordam berishni buyurdi – KXDR TIV
Olam
−
01 noyabr
6422Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan so‘ng Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiya armiyasi va xalqiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Bu haqda bugun, 1 noyabr kuni Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vaziri Soy Son Xi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokaralar chog‘ida ma’lum qildi.
“Muhtaram davlat ishlari raisi o‘rtoq Kim Chen In “maxsus harbiy operatsiya” boshidanoq hech kimga ortga qaramay, rus armiyasi va rus xalqini muqaddas urushda izchil va kuchli qo‘llab-quvvatlash va yordam berish haqida ko‘rsatma bergan edi”, dedi KXDR Tashqi ishlar vaziri.
Vazir Shimoliy Koreya “g‘alaba kunigacha rossiyalik o‘rtoqlari bilan mustahkam turishiga” ishontirdi. U, shuningdek, Moskva va Pxenyan yuz yillik istiqbolga ega strategik munosabatlarning yangi darajasiga ko‘tarilganini aytdi.
O‘z navbatida, Rossiya TIV rahbari ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvlar allaqachon amalga oshirila boshlaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim Shimoliy-Sharqiy Osiyodagi va "butun qit’amiz bo‘ylab kengroq" vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan.
“Rossiya va Shimoliy Koreya harbiy va xavfsizlik xizmatlari juda yaqin aloqada”, deya qo‘shimcha qildi Sergey Lavrov.
Ma’lumot uchun, 24 oktyabr kuni Davlat dumasi Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi strategik sheriklik shartnomasini ratifikatsiya qildi. U davlatlardan biriga qurolli hujum sodir bo‘lgan taqdirda zudlik bilan harbiy yordam ko‘rsatishga majbur qiladi. Hujjat Rossiya va KXDR rahbarlari tomonidan Vladimir Putinning iyun oyida Pxenyanga tashrifi chog‘ida imzolangan edi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 31 oktyabr kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Shimoliy Koreyadan taxminan 8000 nafar harbiy allaqachon Rossiya-Ukraina chegarasiga yetib borgan va yaqin kunlarda jangovar harakatlarda qatnashishga tayyorlanayotganini aytgandi. Vashingtonning hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyada KXDRning taxminan 10 000 harbiysi bor. Janubiy Koreya bu sonni 11 000 ga baholasa, Ukraina esa 12 000 deb hisoblamoqda. Bryusselda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Shimoliy Koreya askarlarining frontga jo‘natilishi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning umidsizligidan dalolat ekanini ta’kidlagan edi.