Kim Chen In “sirli qurol”ini namoyish qildi
Olam
−
11 Oktabr 2025 11717 2 daqiqa
Kecha, 10 oktyabr kuni Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) mehnatkashlar partiyasi tuzilishining 80 yilligiga bag‘ishlangan harbiy paradda yangi “Xvason-20” nomli qit’alararo ballistik raketani taqdim etdi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Xvason-20” qitalararo ballistik raketasi mamlakatning “eng qudratli yadro quroli namunasi” sifatida ta’riflangan.
“Maydonda “Xvason-20” qit’alararo ballistik raketasi – KXDRning eng kuchli yadro strategik tizimi – paydo bo‘lganida, tomoshabinlarning quvonchi eng yuqori darajaga chiqdi”, deyiladi xabarda.
Tantanali tadbirda Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ham ishtirok etgan.

KXDR yetakchisi Kim Chen In “Xvason-20” raketasining yangi avlod qit’alararo ballistik raketalari uchun mo‘ljallangan qattiq yoqilg‘ili dvigatel sinovlari natijalari bilan tanishgan.
Sentyabr oyida KXDR rahbari Kim Chen In mamlakatda “maxfiy qurol” yaratilganini ma’lum qilgan edi. O‘shanda Janubiy Koreya ekspertlari bu “maxfiy qurol” deb “Xvason-20” yoki uning modifikatsiyasini, shuningdek, bir nechta yadroviy kallakka ega qit’alararo ballistik raketalarni, gipertovushli raketalarni yoki atom suvosti kemalarini nazarda tutgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun o‘z flotini jadal rivojlantirish zarurligini aytgandi.
Live
Barchasi