Kim Chen In ilk bor Putin sovg‘a qilgan Aurus'da ommaviy tadbirga bordi

Olam

image

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In birinchi marta ommaviy tadbirga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin sovg‘a qilgan Aurus avtomobilida bordi. Bu haqda Koreya Mehnat partiyasi tashviqot va targ‘ibot bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon ma’lum qildi. 

"Shaxsiy avtomobilning maxsus funksiyalari benuqson va to‘liq ishonchli", deydi Kim Yo Chjon Koreya markaziy axborot agentligi tomonidan tarqatilgan bayonotda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kim Chen Inning avtomobildan foydalanishi Koreya-Rossiya do‘stligi har tomonlama mustahkamlanib, yangi yuksak bosqichda rivojlanib borayotganining yorqin dalolatidir.

“Biz Moskvaga yana bir bor chin yurakdan minnatdorlik bildiramiz”, deydi Kim Chen Inning singlisi.

Shuningdek, kecha, 15 mart kuni KXDR yetakchisi qizi Kim Chju E bilan birgalikda Koreya xalq armiyasi havo-desant qo‘shinlarining o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashgan.

Eslatib o‘tamiz, Vladimir Putin joriy yilning 18 fevral kuni Kim Chen Inga Aurus avtomobilini sovg‘a qilgan. Ushbu sovg‘a Shimoliy Koreya yetakchisining singlisi orqali berilgan.

Rossiya Prezidenti KXDR yetakchisiga Aurus avtomobillarini 2023 yil sentyabrida, Kim Chen In Rossiyaga tashrif bilan kelganida ko‘rsatgan edi.

O‘shanda Shimoliy Koreya rahbari Rossiya Prezidenti bilan birga mashinalardan birining orqa o‘rindig‘iga o‘tirib ko‘rgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Kim Chen In

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing