XJS prokurori Netanyaxuni hibsga olish uchun zudlik bilan order berishni so‘radi
Olam
−
11 Sentabr
5046Xalqaro jinoiy sud (XJS) Bosh prokurori Karim Xon kecha, 10 sentyabr kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, Mudofaa vaziri Yoav Galant va HAMAS yetakchilari Yahyo Sinvar va Muhammad Deyfni (uning o‘limi haqida rasmiy xabar berilgan) zudlik bilan hibsga olish uchun order berishni so‘radi. Bu haqda WAFA xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, order G‘azo sektoridagi boshqa ehtimoliy jinoyatlarning oldini olish uchun zarur. Shuningdek, Xon Netanyaxuning sentyabr oyi oxirida Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etishi oldidan order olish uchun sud hay’atiga shoshilinch so‘rov yuborgan bo‘lishi mumkin.
“Isroildagi vaziyat yomonlashgani va davom etayotgan jinoyatlarni inobatga olgan holda, prokuratura sud hay’atidan Yahyo Sinvar, Binyamin Netanyaxu va Yoav Galantni hibsga olish to‘g‘risida imkon qadar tezroq qaror chiqarishni so‘raydi”, deyiladi prokuror bayonotida.
Ma’lumot uchun, Xalqaro jinoiy sudning bosh prokurori Karim Xon order berish to‘g‘risidagi harakatni 2024 yil may oyida boshlagan. Uning ta’kidlashicha, tergov faqat “temir qilichlar” operatsiyasi davomida sodir etilgan jinoyatlar bilan cheklanib qolmay, balki 2015 yildan beri Isroil-Falastin mojarosining turli voqealarini ham o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Karim Xon Isroil Bosh vaziri va Mudofaa vazirini hibsga olish uchun orderni imkon qadar tezroq chiqarishga chaqirgan edi.